7-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi toʻgʻrisida (414-XII-son) · Sana: 18.11.1991 · Amalda
Saylovni oʻtkazishning ushbu Qonunda nazarda tutilgan qoidalari hamda tartibini buzuvchi shaxslar, Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentini saylash va Prezidentlikka saylanish, saylovoldi tashviqoti olib borish huquqlarini erkin ravishda amalga oshirishiga zoʻravonlik, aldash, tahdid qilish yoki boshqa yoʻl bilan qarshilik koʻrsatuvchi shaxslar, shuningdek soxta saylov hujjatlari tuzgan, ovozlarni atayin notoʻgʻri sanab chiqqan, ovoz berish yashirinligini buzgan yoki ushbu Qonun boshqacha tarzda buzilishiga yoʻl qoʻygan saylov komissiyalarining aʼzolari, davlat va jamoat organlarining mansabdor shaxslari qonunda belgilangan yoʻsinda javobgar boʻladilar. Nomzodlarning shaʼni va qadr-qimmatiga dogʻ tushiradigan soxta maʼlumotlarni eʼlon qilgan yoki boshqa yoʻsinda tarqatgan, saylov komissiyalari aʼzolariga nisbatan haqoratomuz munosabatga yoʻl qoʻygan shaxslar ham javobgarlikka tortiladilar.
Ovoz berish kuniga qadar qolgan besh kun ichida, shuningdek ovoz berish kuni jamoat fikri soʻrovlari natijalarini, saylov natijalari prognozlarini va oʻtkazilayotgan saylov bilan bogʻliq boshqa tadqiqotlarni nashr etish (eʼlon qilish), shuningdek ularni umumiy foydalanishdagi axborot-telekommunikatsiya tarmoqlariga (shu jumladan Internet tarmogʻiga) joylashtirish taqiqlanadi.
