5-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazishdagi oshkoralik
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi toʻgʻrisida (414-XII-son) · Sana: 18.11.1991 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik koʻrish hamda uni oʻtkazishni saylov komissiyalari ochiq va oshkora amalga oshiradilar.
Saylov komissiyalari fuqarolarni oʻz ishlaridan, saylov okruglari, uchastkalari tuzilganligi, saylov komissiyalarining tarkibi, ularning joylashgan yeri va ish vaqtidan voqif etadilar, saylovchilarning roʻyxatlari, saylovda ishtirok etayotgan siyosiy partiyalarning roʻyxati bilan tanishtiradilar, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlar xususidagi maʼlumotlar, ovoz berish va saylov yakunlaridan xabardor qiladilar.
Oʻzbekiston Respublikasining ommaviy axborot vositalari saylovga tayyorgarlikning borishi va saylov qanday oʻtayotganligini yoritib boradilar.
Saylovga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazishga doir barcha tadbirlarda, shuningdek har bir saylov uchastkasida saylov kuni ovoz berish xonalarida va ovozlarni sanab chiqishda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlar koʻrsatgan siyosiy partiyalardan bittadan kuzatuvchi, matbuot, televideniye va radio vakillari, boshqa davlatlar, xalqaro tashkilotlar va harakatlardan kuzatuvchilar qatnashish huquqiga egadirlar. Ularning vakolatlari tegishli hujjatlar bilan tasdiqlangan boʻlishi kerak.
Manfaatdor tashkilotlar oʻz kuzatuvchilari toʻgʻrisida okrug saylov komissiyalariga saylovdan kamida oʻn besh kun oldin maʼlum qiladilar.
Okrug saylov komissiyasi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan belgilanadigan namunadagi mandatni manfaatdor tashkilotdan ariza olinganidan keyin besh kun ichida kuzatuvchi uchun beradi. Boshqa davlatlar, xalqaro tashkilotlar va harakatlardan kuzatuvchilarga mandatlar Markaziy saylov komissiyasi tomonidan beriladi.
Kuzatuvchilar quyidagi huquqlarga ega:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlar koʻrsatishga bagʻishlangan yigʻilishlarda, okrug va uchastka saylov komissiyalarining majlislarida hozir boʻlish;
saylov uchastkasida hozir boʻlish hamda tayyorgarlik ishlarining borishini, ovoz berish uchun saylov qutilarining joylashtirilishi va muhrlanishini, fuqarolarga saylov byulletenlarining berilishini kuzatish;
ovozlarni sanab chiqishda va uchastka saylov komissiyasining bayonnomasini tuzishda hozir boʻlish;
saylov natijalari toʻgʻrisidagi hujjatlarning tegishli saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlangan nusxalarini soʻrash va ularni olish;
