35-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi natijalarini aniqlash
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi toʻgʻrisida (414-XII-son) · Sana: 18.11.1991 · Amalda
Markaziy saylov komissiyasi oʻziga kelib tushgan okrug saylov komissiyalarining bayonnomalari asosida respublika boʻyicha saylovchilarning umumiy sonini; saylov byulletenlari va varaqalarini olgan saylovchilar sonini; ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilar sonini; har bir nomzod uchun berilgan ovozlar sonini; haqiqiy emas deb topilgan byulletenlar sonini aniqlaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida ikkita nomzod ishtirok etgan taqdirda, ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilarning nisbiy koʻpchilik ovozini olgan nomzod saylangan deb hisoblanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida ikkitadan ortiq nomzod ishtirok etgan taqdirda, agar nomzodlarning hech biri ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilar yarmidan koʻpining ovozini ololmagan boʻlsa, saylovchilarning ovozini eng koʻp olgan ikki nomzod ishtirokida takroriy ovoz berish oʻtkaziladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida turli sabablar (nomzodning oʻlimi, nomzodning sogʻligʻi holati saylovda ishtirok etishni istisno etadigan darajada yomonlashganligi yoki Qonunda belgilangan boshqa sabablarga koʻra uning nomzodi olinganligi va shunga oʻxshash sabablar) natijasida bittagina nomzod ishtirok etgan taqdirda, bu nomzod, agar u ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilar yarmidan koʻpining ovozini olgan boʻlsa, saylangan deb hisoblanadi.
Saylov, agar unda saylovchilar roʻyxatiga kiritilgan saylovchilarning 33 (oʻttiz uch) foizidan kami ishtirok etgan boʻlsa, oʻtmagan deb topiladi.
