23-modda. Fuqarolarni saylovchilar roʻyxatlari bilan tanishtirish va saylovchilar roʻyxatidagi noaniqliklar xususida shikoyat qilish huquqi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi toʻgʻrisida (414-XII-son) · Sana: 18.11.1991 · Amalda
Saylovchilarning roʻyxatlari saylovdan oʻn besh kun oldin, Oʻzbekiston Respublikasining xorijiy davlatlardagi vakolatxonalari huzurida, sanatoriy va dam olish uylarida, kasalxonalar va boshqa doimiy ishlaydigan davolash muassasalarida, olis va borish qiyin boʻlgan joylarda, qamoqda saqlash joylarida tuzilgan saylov uchastkalarida esa saylovdan ikki kun oldin hammaning tanishib chiqishi uchun taqdim etiladi. Uchastka saylov komissiyasi roʻyxat bilan qayerda va qachon tanishish mumkinligi haqida saylovchilarga xabar beradi.
Fuqarolarga uchastka saylov komissiyasining binosida saylovchilar roʻyxati bilan tanishish va uning toʻgʻri tuzilganligini tekshirish imkoni taʼminlanadi.
Har bir fuqaroga roʻyxatga kiritilmaganlik, notoʻgʻri kiritilganlik yoki roʻyxatdan chiqarilganlik yuzasidan, shuningdek roʻyxatda saylovchi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni koʻrsatishda noaniqlikka yoʻl qoʻyilganlik xususida shikoyat qilish huquqi beriladi. Bu masalaga doir ariza uchastka saylov komissiyasi tomonidan koʻrib chiqiladi, arizani uchastka saylov komissiyasi kechi bilan yigirma toʻrt soat ichida, saylov arafasida va saylov kuni esa darhol koʻrib chiqib, roʻyxatga zarur tuzatishlar kiritishi yoki arizachiga uning talabi inobatga olinmaganligi toʻgʻrisidagi dalil-isbotli qarorning bir nusxasini berishi shart. Komissiya qarori ustidan tuman (shahar) sudiga saylovdan kechi bilan uch kun oldin shikoyat qilinishi mumkin, tuman (shahar) sudi shikoyatni yigirma toʻrt soat ichida koʻrib chiqishga majbur. Tuman (shahar) sudining qarori qatʼiydir. Uchastka saylov komissiyasi sudning qaroriga muvofiq saylovchilarning roʻyxatiga darhol tuzatish kiritadi.
