16-modda. Siyosiy partiyalar, ommaviy jamoat harakatlari, kasaba uyushmalari
Oʻzbekiston Respublikasida jamoat birlashmalari toʻgʻrisida (223-XII-son) · Sana: 15.02.1991 · Amalda
Siyosiy partiyalar davlat hokimiyati organlarini shakllantirishda jamiyat muayyan qismining siyosiy irodasini roʻyobga chiqarishga intiladi hamda oʻz vakillari orqali davlat va jamoat ishlarini idora etishda qatnashadi.
Partiyalarning dasturiy hujjatlari boʻladi, ular ommaning eʼtibori uchun matbuotda eʼlon qilinadi.
Siyosiy partiyalar deputatlikka nomzodlar koʻrsatish, saylovoldi tashviqot ishlarini olib borish, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasida fraksiyalar va Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi hamda mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlarida partiya guruhlari tuzish huquqiga egadir.
Ommaviy jamoat harakatlari siyosiy yoki oʻzga maqsadlarni koʻzlaydilar hamda ularning roʻyxatga olingan aʼzolari boʻlmaydi.
Harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish idoralarida lavozimni egallab turgan shaxslar oʻz xizmat faoliyatida qonun talablariga amal qiladilar va siyosiy partiyalar hamda siyosiy maqsadlarni koʻzlovchi ommaviy jamoat harakatlarining qarorlari bilan bogʻliq boʻlmaydilar.
Kasaba uyushmalari davlat idoralari, xoʻjalik tashkilotlari, kooperativ va oʻzga jamoat birlashmalari bilan oʻzaro munosabatlarda kasaba uyushmalari toʻgʻrisidagi amaldagi qonunchilikka muvofiq kasaba uyushmasi aʼzolarining ishlab chiqarish, ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy sohadagi manfaatlarini koʻzlab ish olib boradi va ularni himoya qiladi.
Siyosiy partiyalar va kasaba uyushmalarining faqat yakka tartibda roʻyxatga olinadigan aʼzolari boʻladi.
