34-modda. Mulkdorning huquqi qonuniy ravishda toʻxtatilgan taqdirda uning manfaatlarini himoya qilish
Oʻzbekiston Respublikasida mulkchilik toʻgʻrisida (152-XII-son) · Sana: 31.10.1990 · Amalda
1. Mulkdorga qarashli uy, boshqa binolar, inshootlar, dov-daraxtlar joylashgan yer uchastkasini olib qoʻyish haqida qaror qabul qilinishi munosabati bilan yoki davlat idorasining mulkdor mol-mulkini bevosita olib qoʻyishga qaratilmagan boshqa qarori munosabati bilan mulkdorning huquqini toʻxtatib qoʻyishga faqat Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida belgilangan hollarda va tartibdagina yoʻl qoʻyiladi. Bunda mulk huquqi toʻxtatilishi oqibatida yetkazilgan zarar mulkdorga batamom toʻlanadi.
Mulkdor norozi boʻlgan taqdirda nizo sud tomonidan hal etilmagunicha, mulk huquqining toʻxtatilishiga olib boradigan qaror amalga oshirilishi mumkin emas. Mulkdorga yetkazilgan zararni qoplash bilan bogʻliq barcha masalalar ham nizoni koʻrib chiqish jarayonida hal etiladi.
2. Mulkdor mol-mulkining davlat tomonidan olib qoʻyilishiga mulkdorning majburiyatlari boʻyicha haq undirish shu mulkka qaratilgan taqdirdagina Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida koʻzda tutilgan hollarda va tartibda, shuningdek rekvizitsiya va musodara tartibida yoʻl qoʻyiladi.
Tabiiy ofatlar, falokatlar, yuqumli kasalliklarning tarqalishi, hayvonlarda kasallikning keng yoyilishi va favqulodda roʻy beradigan boshqa holatlarda mol-mulk davlat hokimiyati idoralarining qaroriga binoan jamiyat manfaatlarini koʻzlagan holda mulkdordan Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda va shartlar bilan majburiy tarzda olib qoʻyilishi (rekvizitsiya qilinishi) mumkin va unga mulkning qiymati toʻlanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida koʻzda tutilgan hollarda sudning qaroriga binoan mol-mulk musodara qilinishi mumkin.
