16-modda. Jamoat birlashmalarining mulki
Oʻzbekiston Respublikasida mulkchilik toʻgʻrisida (152-XII-son) · Sana: 31.10.1990 · Amalda
1. Jamoat birlashmalari (siyosiy partiyalar, ommaviy harakatlar, shu jumladan xalq frontlari, kasaba uyushmalari, xotin-qizlar, veteranlar, yoshlar va bolalar tashkilotlari, koʻngilli jamiyatlar, ijodiy ittifoqlar, fondlar, uyushmalar va fuqarolarning boshqa birlashmalari)ning mulkida ular ustavlarida koʻzda tutilgan faoliyatni moddiy jihatdan taʼminlash uchun zarur boʻlgan binolar, inshootlar, uy-joy fondi, asbob-uskunalar, madaniy maʼrifiy va sogʻlomlashtirish maqsadlariga xizmat qiladigan mol-mulk, pul mablagʻlari, qimmatli qogʻozlar va mol-mulk boʻlishi mumkin.
Jamoat birlashmalari mulkida, shu birlashmalar mablagʻlari hisobidan ularning ustavlarida koʻrsatilgan maqsadlarga muvofiq vujudga keltiriladigan korxonalar ham boʻlishi mumkin.
Jamoat birlashmalarining pul mablagʻlari aʼzo boʻlish va aʼzolik badallaridan, ixtiyoriy badallar, xayr-ehsonlar; oʻtkazilgan lotereyalardan tushgan mablagʻlar; ishlab chiqarish-xoʻjalik va noshirlik faoliyatidan olingan daromadlar; qonunda taqiqlanmagan boshqa tushumlar hisobidan tashkil etiladi.
Uyushmalar va ularga kiruvchi birlashmalarning shu uyushmalarga qarashli mol-mulkdan foydalanish va uni tasarruf etish sohasidagi vakolatlari uyushmalar va birlashmalarning ustavlari bilan belgilanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida milliy xavfsizlik manfaatlarini koʻzlab yoki Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq jamoat uyushmalarining mulki boʻla olmaydigan mol-mulk turlari belgilab qoʻyilishi mumkin.
Jamoat uyushmalari oʻz ustavlarida yozib qoʻyilgan maqsadlar va vazifalarga muvofiq hamda qonunchilikda belgilanadigan tartibda oʻzga davlatlardan keladigan pul mablagʻlarini hamda boshqa mol-mulkni olishlari mumkin.
Siyosiy maqsadlarni koʻzlaydigan partiyalar va ijtimoiy harakatlar oʻzga davlatlarning yuridik va jismoniy shaxslaridan moliyaviy va oʻzga moddiy yordam olishga haqli emaslar.
2. Jamoat uyushmalari tugatilganidan keyin qolgan mol-mulk uning ustavidan koʻzda tutilgan maqsadlarda ishlatiladi.
