1-modda. Mulkiy huquq
Oʻzbekiston Respublikasida mulkchilik toʻgʻrisida (152-XII-son) · Sana: 31.10.1990 · Amalda
1. Oʻzbekiston Respublikasida mulkiy huquq tan olinadi va qonun bilan muhofaza etiladi.
2. Mulkdor oʻziga tegishli mol-mulkka oʻz ixtiyoriga koʻra egalik qiladi, undan foydalanadi va uni tasarruf etadi.
Mulkdor oʻz mol-mulkiga nisbatan qonunga zid boʻlmagan har qanday xatti-harakatlarni qilishga haqlidir. U mulkdan qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan har qanday xoʻjalik yoki boshqa faoliyatni amalga oshirishda foydalanishi mumkin.
3. Mulkdor oʻziga qarashli mol-mulkka egalik qilish, undan foydalanish va uni tasarruf qilish huquqini boshqa shaxslarga berishga faqat oʻzi haqlidir. Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarida koʻzda tutilgan hollarda, mulkdorning zimmasiga boshqa shaxslarning uning mulkidan cheklangan tarzda foydalanishiga yoʻl qoʻyish vazifasi yuklanishi mumkin.
4. Mulkdor Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida koʻzda tutilgan shartlar va doira chegarasida oʻziga tegishli mulkiy huquqni amalga oshirish paytida fuqarolarning mehnatidan foydalanish toʻgʻrisida ular bilan shartnoma tuzishga haqlidir.
Fuqaroning mehnatidan foydalanishga asos boʻlgan mulkning qay shaklda ekanligidan qatiy nazar, fuqaro Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida va boshqa qonun hujjatlarida nazarda tutilgan ijtimoiy-iqtisodiy huquqlar va kafolatlar bilan taʼminlanadi.
5. Mulkiy huquqning amalga oshirilishi atrof-muhitga zarar yetkazmasligi, jismoniy, yuridik shaxslarning va davlatning huquqlarini buzmasligi hamda qonun bilan muhofaza qilinadigan manfaatlariga putur yetkazmasligi kerak.
