“Ijtimoiy himoya yili” davlat dasturi toʻgʻrisida (PQ-573-son)
23.01.2007
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
2007-yilning “Ijtimoiy himoya yili” deb eʼlon qilinganligi munosabati bilan hamda aholini ijtimoiy himoya qilish koʻlamlarini yanada kengaytirish va kuchaytirish, aholining muhtoj toifalari va oilalarga, nogironlar va yolgʻiz keksalarga aniq, tabaqalashtirilgan tarzda yordam koʻrsatish samaradorligini oshirish, aholi daromadlari darajasidagi farqlarning keskin oshishiga yoʻl qoʻymaslik, jamiyatda hamjihatlik, ezgulik va mehr-shafqat muhitini qaror toptirish boʻyicha aniq maqsadga yoʻnaltirilgan chora-tadbirlar kompleksini amalga oshirish maqsadida:
1. Quyidagilarni koʻzda tutuvchi “Ijtimoiy himoya yili” Davlat dasturi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
amaldagi ijtimoiy himoya tizimi samaradorligini oshirishga, aholining ijtimoiy nochor qatlamlariga yordam koʻrsatishda tabaqalashgan tarzda yondashishga qaratilgan yangi qonun hujjatlari va normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish hamda amaldagi shunday hujjatlarga qoʻshimcha va oʻzgartishlar kiritish;
“Mehribonlik” uylari va ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, boquvchisidan mahrum boʻlgan bolalar toʻgʻrisida eʼtibor va gʻamxoʻrlikni kuchaytirish, “Sen yolgʻiz emassan” maqsadli vazifasini hayotga aniq tatbiq etish;
aholining nochor qatlamlari – muhtoj oilalar, nogironlar, yolgʻiz qariyalarni aniq ijtimoiy himoya qilish, moddiy va maʼnaviy qoʻllab-quvvatlashni kuchaytirish, aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash tadbirlarini roʻyobga chiqarishda mahallalar rolini oshirish boʻyicha chora-tadbirlar kompleksini amalda joriy etish;
jismoniy va maʼnaviy jihatdan sogʻlom avlodni kamol toptirish chora-tadbirlarini yanada chuqurlashtirish, onalik va bolalik toʻgʻrisida gʻamhoʻrlikni kuchaytirish, ayollar sogʻligʻini mustahkamlash boʻyicha ishlarni takomillashtirish va “Sogʻlom ona – sogʻlom farzand” harakatini har tomonlama ragʻbatlantirish, jumladan maktablarning yuqori sinflari, kasb-hunar kollejlari, akademik litseylar va oliy oʻquv yurtlari yoshlari oʻrtasida tushuntirish ishlari va fakultativ mashgʻulotlar oʻtkazish;
ijtimoiy xizmat koʻrsatish tizimi, “Mehribonlik”, “Saxovat” va “Muruvvat” uylari xodimlari mehnatini ragʻbatlantirish va munosib baholash mexanizmini takomillashtirish, ularning mehnatini, shuningdek umuman ijtimoiy soha xodimlari mehnatini moddiy va maʼnaviy ragʻbatlantirish darajasini oshirish;
yosh avlodning hayotiy muhim manfaatlarini taʼminlash, yoshlarning kasb mahorati hamda maʼnaviy oʻsishini moddiy va axloqiy jihatdan qoʻllab-quvvatlash, ularning boʻsh vaqtlarini koʻngilli oʻtkazishni va sport bilan shugʻullanishini tashkil qilish, hayotga qadam qoʻyayotgan yosh oilalarni qoʻllab-quvvatlash borasidagi chora-tadbirlar kompleksini tayyorlash va amalga oshirish;
faxriylar va pensionyerlarga yordam koʻrsatish darajasini yanada oshirish, ularning davlat va jamoatchilik tomonidan qoʻllab-quvvatlanishini taʼminlash, muhtojlarga begʻaraz yordam berish.
2. “Ijtimoiy himoya yili” Davlat dasturining bajarilishini tashkil etish va uning monitoringini olib borish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2006-yil 12-dekabrdagi F-2632-sonli Farmoyishiga muvofiq tashkil etilgan Respublika komissiyasi zimmasiga yuklansin.
Respublika komissiyasi aʼzolaridan “Ijtimoiy himoya yili” Davlat dasturining asosiy boʻlimlarini amalga oshirish boʻyicha 2-ilovaga muvofiq tarkibda Kengash tashkil etilsin.
3. Respublika komissiyasi va “Ijtimoiy himoya yili” Davlat dasturini amalga oshirish boʻyicha Kengash (Sh.M.Mirziyoyev):
ikki hafta muddatda vazirliklar, idoralar, xoʻjalik birlashmalari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan har bir idora, aholi punkti, tuman, shahar va mintaqa boʻyicha “Ijtimoiy himoya yili” hududiy va tarmoq dasturlarining ishlab chiqilishi va qabul qilinishini taʼminlasinlar;
respublika va hududiy davlat boshqaruvi organlari hamda jamoat tashkilotlari darajasida ushbu Dasturning boʻlimlari va bandlari toʻliq hamda soʻzsiz bajarilishi boʻyicha ishlarning muvofiqlashtirilishini tashkil etsinlar, Dasturga kiritilgan tadbirlarning amalga oshirilishi ustidan tizimli nazorat oʻrnatsinlar;
“Ijtimoiy himoya yili” Davlat dasturi bilan tasdiqlangan topshiriqlarning bajarilishi toʻgʻrisida har chorak yakuni boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti devoniga axborot taqdim etib tursinlar.
4. Qoraqalpogʻiston Respublikasida, viloyatlarda, Toshkent shahrida va tumanlar (shaharlar)da Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va tegishli hududlar hokimlari boshchiligida Dasturni amalga oshirish boʻyicha tegishli komissiyalarni tashkil etish maqsadga muvofiq deb hisoblansin, ular zimmasiga Dastur tadbirlarining soʻzsiz va toʻliq amalga oshirilishi ustidan har oylik monitoring va qatʼiy nazorat olib borish vazifasi yuklansin.
5. Oʻzbekiston Matbuot va axborot agentligi, Milliy axborot agentligi, Milliy teleradiokompaniyasi, ommaviy axborot vositalari jamiyatda ezgulik va muhribonlik muhitini mustahkamlashga alohida eʼtibor qaratgan holda “Ijtimoiy himoya yili”ning maqsadlari va ahamiyatini keng koʻlamda tushuntirish, tadbirlarning amalga oshirilishini, shu jumladan davlat tashkilotlari va mahalliy hokimiyat organlari, ijtimoiy va nodavlat xayriya tashkilotlari, ijtimoiy taʼminot muassasalari, shuningdek ayrim fuqarolar, mahallalar, korxona va tashkilotlar jamoalari qoʻshayotgan aniq hissani muntazam yoritib borishni taʼminlasinlar.
6. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh.Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I.Karimov
Toshkent sh.,
2007-yil 23-yanvar,
PQ-573-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2007-yil 23-yanvardagi PQ-573 -son qaroriga 1-ILOVA
“Ijtimoiy himoya yili” Davlat dasturi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2007-yil 23-yanvardagi PQ-573-son qaroriga 2-ILOVA
“Ijtimoiy himoya yili” Davlat dasturining asosiy boʻlimlarini amalga oshirish boʻyicha Kengash tarkibi
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2007-y., 4—6-son, 39-modda)
