“1063-modda. Mualliflik huquqining amal qilish sohasi
“Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilinganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-79-son) · Sana: 16.01.2007 · Amalda
Ushbu Kodeksga muvofiq mualliflik huquqi:
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari boʻlgan yoki Oʻzbekiston Respublikasi hududida doimiy turar joyiga ega boʻlgan mualliflarning yoki mualliflik huquqining boshqa dastlabki egalik qiluvchilarining asarlariga;
mualliflarning fuqaroligi va doimiy turar joyidan qatʼi nazar, Oʻzbekiston Respublikasida birinchi marta chop etilgan asarlarga;
Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasida muhofaza qilinadigan asarlarga tatbiq etiladi.
Agar asar Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqarida birinchi marta chop etilgan sanadan soʻng oʻttiz kun ichida Oʻzbekiston Respublikasi hududida chop etilgan boʻlsa, Oʻzbekiston Respublikasida ham birinchi marta chop etilgan deb hisoblanadi.
Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq asarga Oʻzbekiston Respublikasi hududida muhofaza berilgan taqdirda, asar muallifi mualliflik huquqini olish uchun asos boʻlib xizmat qilgan yuridik fakt qaysi davlatning hududida sodir boʻlgan boʻlsa, oʻsha davlatning qonuni bilan aniqlanadi”;
19) 1064-modda chiqarib tashlansin;
20) 1065-moddaning matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Mualliflik huquqi muallifning butun hayoti davomida va uning vafotidan keyin ellik yil davomida amal qiladi, ushbu moddada va boshqa qonunlarda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Hammuallifliqda yaratilgan asarga boʻlgan mualliflik huquqi hammualliflarning butun hayoti davomida va hammualliflar orasida eng uzoq umr koʻrgan oxirgi shaxs vafot etganidan keyin ellik yil davomida amal qiladi.
Taxallus ostida yoki imzosiz qonuniy oshkor qilingan asarga boʻlgan mualliflik huquqi asar oshkor qilinganidan keyin ellik yil davomida amal qiladi. Agar koʻrsatilgan muddat ichida taxallus ostidagi yoki imzosiz asar muallifi oʻz shaxsini maʼlum qilsa yoki bundan buyon uning shaxsi shubhaga oʻrin qoldirmasa, ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan muddatlar qoʻllaniladi.
Muallifning vafotidan keyin birinchi marta eʼlon qilingan asarga boʻlgan mualliflik huquqi asar eʼlon qilinganidan keyin ellik yil davomida amal qiladi.
