5-modda. Ommaviy axborot vositalarining erkinligi
“Ommaviy axborot vositalari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-78-son) · Sana: 15.01.2007 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasida ommaviy axborot vositalari erkindir va qonunga muvofiq ish olib boradilar.
Har kim, agar qonunda boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, ommaviy axborot vositalarida chiqish, oʻz fikri va eʼtiqodini oshkora bayon etish huquqiga egadir.
Davlat ommaviy axborot vositalari faoliyatining erkinligini, ularning axborotni izlash, olish, undan foydalanish va uni tarqatishga boʻlgan huquqlari amalga oshirilishini, ommaviy axborot vositalarining mulk huquqini, davlat organlarining gʻayriqonuniy qarorlaridan, ular mansabdor shaxslarining gʻayriqonuniy harakatlaridan (harakatsizligidan) himoya qilinishini kafolatlaydi. Ommaviy axborot vositalarining faoliyatiga toʻsqinlik qilish yoki aralashish taqiqlanadi.
Ommaviy axborot vositalari qonunchilikka muvofiq axborotni izlash, olish, tadqiq etish, tarqatish, undan foydalanish, uni saqlash huquqiga ega hamda tarqatilayotgan axborotning xolisligi va ishonchliligi uchun belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
