34-modda. Raddiya berish va javob qaytarish huquqi
“Ommaviy axborot vositalari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-78-son) · Sana: 15.01.2007 · Amalda
Yuridik yoki jismoniy shaxs ommaviy axborot vositasida eʼlon qilingan, haqiqatga mos kelmaydigan hamda oʻzining shaʼni va qadr-qimmati yoki ishchanlik obroʻsini tahqirlovchi maʼlumotlar uchun raddiya berishni tahririyatdan talab qilishga haqlidir.
Eʼlon qilingan material tufayli huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilgan yuridik va jismoniy shaxslar mazkur ommaviy axborot vositasida raddiya yoki javobni eʼlon qilishga haqlidir. Raddiya yoki javob berilishiga sabab boʻlgan material bosilgan ayni oʻsha sahifada maxsus rukn ostida eʼlon qilinishi kerak.
Raddiya yoki javob gazetalarda ular olingan kundan eʼtiboran bir oy ichida, boshqa davriy nashrlarda navbatdagi sonda eʼlon qilinishi shart.
Tele-, radio-, video, kinoxronikal dasturlar va ommaviy axborotni davriy tarqatishning boshqa elektron shakllari tahririyati tomonidan olingan raddiya yoki javob aynan oʻsha dastur yoki turkumda, kelgan kunidan eʼtiboran bir oydan kechiktirmay efirga beriladi.
Agar raddiya yoki javobni eʼlon qilish hajmi va vaqti ommaviy axborot vositasining faoliyatiga zarar yetkazishi mumkin boʻlsa, matnni axborot manbai yoki muallif bilan kelishilgan holda asoslangan tahrir qilishga yoʻl qoʻyiladi.
Ommaviy axborot vositasi raddiyani, javobni eʼlon qilishdan boʻyin tovlasa yoxud ularni eʼlon qilish uchun belgilab qoʻyilgan muddatni buzsa, yuridik yoki jismoniy shaxs daʼvo arizasi bilan sudga murojaat qilishga haqlidir.
