26-modda. Ommaviy axborot vositalari mahsulotini tarqatish
“Ommaviy axborot vositalari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-78-son) · Sana: 15.01.2007 · Amalda
Ommaviy axborot vositasi mahsulotini tarqatish bevosita tahririyat tomonidan, shuningdek belgilangan tartibda yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan shartnoma asosida amalga oshirilishi mumkin.
Bosma ommaviy axborot vositalari mahsulotini tarqatish ularga obuna tashkil etish, shuningdek chakana savdo tarmogʻi orqali amalga oshiriladi. Roʻyxatdan oʻtkazilgan davriy bosma nashrlar adadini chakana savdo orqali, shu jumladan qoʻlda sotish nashrlar tahririyatlarining shtatdagi tarqatuvchilari tomonidan yoki savdo tarmogʻiga ega boʻlgan yuridik shaxslar, shuningdek yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan, qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Ommaviy axborot vositasining har bir alohida chiqarilishining tarqatilishiga bosh muharrir uning chiqarilishi uchun ruxsat berganidan keyingina yoʻl qoʻyiladi.
Koʻrsatuv va eshittirish uzluksiz davom etganda ommaviy axborot vositasi mahsulotining tarqatilishiga bosh muharrir dastlabki ruxsat bergan paytdan eʼtiboran hamda koʻrsatuv va eshittirishdagi tanaffusga qadar yoʻl qoʻyiladi.
