24-modda. Ommaviy axborot vositasining chiqarilishini toʻxtatib turish yoki tugatish
“Ommaviy axborot vositalari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-78-son) · Sana: 15.01.2007 · Amalda
Ommaviy axborot vositasining chiqarilishini toʻxtatib turish yoki tugatish roʻyxatdan oʻtkazuvchi organning arizasi asosida sudning qaroriga koʻra amalga oshiriladi.
Muassis ommaviy axborot vositasining chiqarilishini tahririyat ustavida (nizomida) yoki muassis va tahririyat oʻrtasida tuzilgan shartnomada nazarda tutilgan hollarda hamda tartibda toʻxtatib turish yoki tugatishga haqlidir.
Muassis ommaviy axborot vositasining chiqarilishini toʻxtatib turish yoki tugatish toʻgʻrisida qaror qabul qilinganidan keyin oʻz qarori haqida roʻyxatdan oʻtkazuvchi organni uch kun ichida yozma shaklda, shu jumladan axborot tizimi orqali elektron shaklda xabardor etishi shart. Mazkur xabarnoma ushbu ommaviy axborot vositasi chiqarilishining toʻxtatib turilishi yoki tugatilishidan oldingi soʻnggi chiqarilishlaridan biriga joylashtirilishi kerak.
Ommaviy axborot vositasining chiqarilishini sud qaroriga koʻra toʻxtatib turish roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ tomonidan tahririyatga nisbatan chiqarilgan ogohlantirishga sabab boʻlgan qonunchilik buzilishi takroriy yozma ogohlantirishdan keyin bir oy ichida bartaraf etilmagan taqdirda amalga oshiriladi.
Ommaviy axborot vositasining chiqarilishini qayta boshlash roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ aniqlagan qonunchilik buzilishlari bartaraf etilganligini tasdiqlovchi maʼlumotlar muassis va (yoki) tahririyat tomonidan sudga taqdim etilganidan keyin sud qaroriga asosan amalga oshiriladi.
Ommaviy axborot vositasining chiqarilishini tugatish toʻgʻrisida sud tomonidan qaror chiqarish uchun quyidagilar asos boʻlishi mumkin:
ommaviy axborot vositalari toʻgʻrisidagi qonunchilik talablari tahririyat tomonidan muntazam ravishda buzib kelinganligi, bu haqda roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ tomonidan muassis va (yoki) tahririyat nomiga ilgari yozma ogohlantirishlar yuborilganligi;
sudning ommaviy axborot vositasini chiqarishni toʻxtatib turish haqidagi qarori bajarilmaganligi;
ommaviy axborot vositasining olti oydan ziyod vaqt mobaynida chiqarilmaganligi;
qonunchilikda belgilangan boshqa hollar.
Ommaviy axborot vositasining chiqarilishini tugatish uning roʻyxatdan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi guvohnomaning amal qilishi tugatilishiga sabab boʻladi.
