“132-modda. Koʻp kvartirali uydagi turar joylarni va umumiy mol-mulkni saqlash xarajatlari
Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik, Uy-joy kodekslariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish hamda “Davlat uy-joy siyosatining asoslari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish haqida (O‘RQ-77-son) · Sana: 08.01.2007 · Amalda
Koʻp kvartirali uydagi turar joy mulkdori oʻziga qarashli turar joyni oʻz hisobidan tegishli texnik va sanitariya holatida saqlaydi, shuningdek koʻp kvartirali uydagi umumiy mol-mulkni va shu uyga tutash, obodonlashtirish elementlari boʻlgan yer uchastkasini saqlash boʻyicha umumiy xarajatlarni oʻz zimmasiga oladi.
Koʻp kvartirali uydagi turar joylar mulkdorlari umumiy xarajatlarni, qoida tariqasida, majburiy badallar shaklida birgalikda zimmalariga oladilar, bu badallar koʻp kvartirali uydagi umumiy mol-mulkni boshqarish, unga xizmat koʻrsatish, uni joriy va kapital taʼmirlash hamda koʻp kvartirali uyga tutash, obodonlashtirish elementlari boʻlgan yer uchastkasini saqlash xarajatlarining oʻrnini qoplashi kerak.
Koʻp kvartirali uydagi umumiy mol-mulkni va shu uyga tutash, obodonlashtirish elementlari boʻlgan yer uchastkasini saqlash boʻyicha majburiy badallar miqdori mazkur uydagi turar joylar mulkdorlarining umumiy yigʻilishi tomonidan belgilanadi.
Shirkat tashkil etilmagan koʻp kvartirali uydagi yashash uchun moʻljallanmagan joylar mulkdorlari koʻp kvartirali uydagi umumiy mol-mulkni va shu uyga tutash, obodonlashtirish elementlari boʻlgan yer uchastkasini saqlash boʻyicha umumiy xarajatlarda turar joylar mulkdorlari bilan majburiy tartibda tuziladigan shartnoma asosida ishtirok etadilar. Shartnomaning shakli va uni tuzish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Mulkdorning koʻp kvartirali uydagi oʻziga qarashli turar joydan foydalanmasligi yoxud umumiy mol-mulkdan foydalanishdan voz kechishi uni koʻp kvartirali uydagi umumiy mol-mulkni hamda shu uyga tutash, obodonlashtirish elementlari boʻlgan yer uchastkasini saqlash boʻyicha umumiy xarajatlarda ishtirok etishdan toʻliq yoki qisman ozod qilmaydi.
Koʻp kvartirali uydagi turar joy mulkdori oʻzining umumiy mol-mulkni saqlash boʻyicha umumiy xarajatlardagi ishtirokiga doir majburiyatini turar joyni shartnoma boʻyicha ijaraga, arendaga oluvchiga oʻtkazishi mumkin, bunda haqning oʻz vaqtida toʻlanishi masʼuliyati turar joy mulkdorining zimmasida boʻladi.
