6-modda. Axborotdan foydalanish kafolatlari
Nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatining kafolatlari toʻgʻrisida (O‘RQ-76-son) · Sana: 03.01.2007 · Amalda
Davlat nodavlat notijorat tashkilotlarining qonunchilikka muvofiq axborotni izlash, olish, tadqiq etish, tarqatish, undan foydalanish va uni saqlashga boʻlgan huquqini taʼminlaydi.
Axborotdan foydalanish tegishli materiallarni eʼlon qilish yoʻli bilan hamda ustavda belgilangan faoliyatni amalga oshirish maqsadida zarur axborotni olish uchun davlat organlari va ularning mansabdor shaxslariga soʻrov bilan murojaat qilish huquqining nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan roʻyobga chiqarilishi orqali taʼminlanadi.
Nodavlat notijorat tashkilotining soʻroviga iloji boricha qisqa muddatda, agar qonunchilikda boshqacha qoida belgilanmagan boʻlsa, soʻrov olingan sanadan eʼtiboran oʻttiz kundan kechiktirmay javob qaytarilishi kerak.
Agar organ yoki mansabdor shaxs soʻralayotgan axborotga ega boʻlmasa, oʻziga murojaat etgan nodavlat notijorat tashkilotiga soʻrov olingan sanadan eʼtiboran yetti kundan kechiktirmay bu haqda maʼlum qilishi, shuningdek imkoniyatga qarab, unga bunday axborotga ega boʻlgan organning yoki mansabdor shaxsning nomini maʼlum qilishi shart.
Davlat organlari, ularning mansabdor shaxslari nodavlat notijorat tashkilotlariga bu tashkilotlarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga daxldor qonunchilik hujjatlari, hujjatlar, qarorlar hamda boshqa materiallar bilan tanishib chiqish imkoniyatini yaratib berishi shart.
Nodavlat notijorat tashkilotlarining huquqlari va qonuniy manfaatlariga daxldor axborot bepul beriladi, qonunchilikda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
