Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksini amalga kiritish tartibi toʻgʻrisida (479-I-son)
30.08.1997
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasining Xoʻjalik protsessual kodeksi 1998-yil 1-yanvardan eʼtiboran amalga kiritilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi xoʻjalik sudlariga kelib tushgan va 1998-yil 1-yanvargacha koʻrilmagan ishlar Oʻzbekiston Respublikasining yangi Xoʻjalik protsessual kodeksiga muvofiq koʻrilishi lozim.
3. Korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, shuningdek yakka tartibdagi tadbirkor maqomiga ega boʻlgan fuqarolar oʻrtasidagi xoʻjalik nizolarini koʻrish va hal qilish shartlari hamda tartibiga taalluqli normativ hujjatlarning Oʻzbekiston Respublikasining yangi Xoʻjalik protsessual kodeksiga zid boʻlmagan qismi 1998-yil 1-yanvardan keyin ham amal qilaveradi.
4. Davlat boji stavkalarini va ularni undirish tartibini belgilovchi qonun hujjatlariga oʻzgartishlar kiritilgunga qadar apellyatsiya va kassatsiya shikoyatlari uchun davlat boji xoʻjalik sudi hal qiluv qarorlarining qonuniyligi va asosliligini tekshirish toʻgʻrisidagi arizalar uchun haq toʻlash yuzasidan belgilangan miqdorda va tartibda toʻlanadi.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi hukumat qarorlarini Oʻzbekiston Respublikasining Xoʻjalik protsessual kodeksiga muvofiqlashtirsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi bilan birgalikda uch oylik muddat ichida qonunlarni Oʻzbekiston Respublikasining Xoʻjalik protsessual kodeksiga muvofiqlashtirish yuzasidan takliflar taqdim etsin.
7. Quyidagilar 1998-yil 1-yanvardan eʼtiboran oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin:
Oʻzbekiston Respublikasining 1993-yil 2-sentabrda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining Xoʻjalik protsessual kodeksini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-yil, № 10, 371-modda);
Oʻzbekiston Respublikasining 1996-yil 27-dekabrda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonunining IX boʻlimi (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1997-yil, № 2, 56-modda).
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Raisi E. XALILOV
Toshkent sh.,
1997-yil 30-avgust,
479-I-son
