10-modda.
Oʻzbekiston Respublikasining davlat tili toʻgʻrisida (3561-XI-son) · Sana: 21.10.1989 · Kuchini yo'qotgan
Oʻzbekiston Respublikasida sudlov oʻzbek, qoraqalpoq tillarida yoki oʻsha joydagi koʻpchilik aholi tilida olib boriladi. Sud ishlari olib borilayotgan tilni sudda qatnashuvchi kishilar bilmagan taqdirda bu kishilar uchun tarjimon orqali ishga oid materiallar bilan toʻla tanishish va sud ishlarida ishtirok etish huquqi hamda sudda ona tilida soʻzlash huquqi taʼminlanadi.
Oʻzbekiston Respublikasida davlat hakamligi mahkamalarida korxonalar, tashkilotlar va muassasalar oʻrtasidagi xoʻjalik nizolarini koʻrib chiqish, hal qilishda oʻzbek tili qoʻllanadi. Zarurat boʻlganda xoʻjalik nizolari millatlararo muomala tilida ham qarab chiqilishi mumkin. Oʻzbekiston Respublikasi va boshqa respublikalar korxonalari, tashkilotlari va muassasalari xoʻjalik nizolarini koʻrib chiqish, hal qilishda ham millatlararo muomala tili qoʻllanadi.
