34-modda. Zararni toʻlash
Xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatining shartnomaviy-huquqiy bazasi toʻgʻrisida (670-I-son) · Sana: 29.08.1998 · Amalda
Neustoyka (jarima, penya) toʻlaganligidan qatʼi nazar, shartnoma majburiyatlarini buzgan taraf ikkinchi tarafga ana shu zarar oqibatida oʻzi yetkazgan zarar qismini ham qoplaydi.
Yetkazilgan zararlarga shartnoma majburiyatlari bajarilmaganligi yoki lozim darajada bajarilmaganligi, mol-mulk yoʻqolishi yoki shikastlanishi munosabati bilan taraf qilgan yoki qilishi lozim boʻlgan xarajatlar, shuningdek agar ikkinchi taraf shartnoma majburiyatlarini bajarganida taraf olishi mumkin boʻlgan, lekin ololmay qolgan daromadlar kiradi.
Muddatini oʻtkazib yuborish yoki shartnoma majburiyatlarini oʻzgacha tarzda lozim darajada bajarmaslik hollari uchun belgilangan neustoykani (jarimani, penyani) toʻlash hamda shartnoma majburiyatlarini lozim darajada bajarmaslik oqibatida yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash, taraflarni majburiyatni asl holida bajarishdan ozod etmaydi, qonunchilikda va shartnomada nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
