32-modda. Tovarlar (ishlar, xizmatlar) haqini toʻlamaganlik yoki oʻz vaqtida toʻlamaganlik uchun javobgarlik
Xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatining shartnomaviy-huquqiy bazasi toʻgʻrisida (670-I-son) · Sana: 29.08.1998 · Amalda
Toʻlov talabnomasi akseptini asossiz ravishda butunlay yoki qisman rad etganlik, shuningdek hisob-kitobning boshqa shakllarida tovarlar (ishlar, xizmatlar) haqini toʻlashdan bosh tortganlik (bank muassasasiga toʻlov topshiriqnomasini taqdim etmaganlik, chek bermaganlik, akkreditivni taqdim etmaganlik va hokazo) uchun sotib oluvchi (buyurtmachi) mahsulot yetkazib beruvchiga oʻzi toʻlashni rad etgan yoki bosh tortgan summaning 15 foizi miqdorida jarima toʻlaydi.
Yetkazib berilgan tovarlar (ishlar, xizmatlar) haqini oʻz vaqtida toʻlamaganlik uchun sotib oluvchi (buyurtmachi) yetkazib beruvchiga oʻtkazib yuborilgan har bir kun uchun kechiktirilgan toʻlov summasining 0,4 foizi miqdorida, ammo kechiktirilgan toʻlov summasining 50 foizidan ortiq boʻlmagan miqdorida penya toʻlaydi.
