26-modda. Sifati, assortimenti va navi lozim darajada boʻlmagan tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) yetkazib berganlik uchun javobgarlik
Xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatining shartnomaviy-huquqiy bazasi toʻgʻrisida (670-I-son) · Sana: 29.08.1998 · Amalda
Agar yetkazib berilgan tovarlar, bajarilgan ishlar yoki koʻrsatilgan xizmatlar sifati, assortimenti va navi boʻyicha standartlar, texnik shartlar, namunalarga (etalonlarga) qonunchilikda yoki xoʻjalik shartnomasida belgilangan boshqa majburiy shartlarga mos kelmasa, sotib oluvchi (buyurtmachi) tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) qabul qilish hamda ularning haqini toʻlashni rad etib, yetkazib beruvchidan (pudratchidan) sifati, assortimenti va navi lozim darajada boʻlmagan tovarlar (ishlar va xizmatlar) qiymatining 20 foizi miqdorida jarima undirib olishga, agar tovarlar (ishlar va xizmatlar) haqi toʻlab qoʻyilgan boʻlsa, toʻlangan summani belgilangan tartibda qaytarishni talab qilishga haqlidir. Sifati, assortimenti va navi lozim darajada boʻlmagan tovarlar (ishlar, xizmatlar) yetkazib berganlik uchun jarima yetkazib beruvchidan (pudratchidan) akseptsiz tartibda undirib olinadi.
Jarimani undirish toʻgʻrisidagi toʻlov talabnomasi bank muassasasiga tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) sifati, assortimenti va navi lozim darajada emasligi toʻgʻrisidagi dalolatnoma tuzilgandan keyin oʻn kun ichida taqdim etiladi. Jarimani undirish toʻgʻrisidagi toʻlov talabnomasi belgilangan oʻn kunlik muddatni buzgan holda taqdim etilgan hollarda, jarimani undirish belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
