Oʻzbekiston Respublikasi oliy va oʻrta maxsus taʼlim muassasalarida oʻqitishning toʻlov-kontrakt shakli va tushgan mablagʻlarni taqsimlash tartibi toʻgʻrisidagi (477-son)
19.08.1998
Nizom
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 1998-yil 19-avgustda 477-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan]
I. UMUMIY QOIDALAR
1. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 4-iyuldagi 320-f-son farmoyishiga muvofiq ishlab chiqilgan.
2. Mazkur Nizomning amal qilishi Oʻzbekiston Respublikasining barcha oliy va oʻrta maxsus taʼlim muassasalariga tatbiq etiladi.
3. Oliy va oʻrta maxsus taʼlim muassasalariga toʻlov-kontrakt asosida talabalar va oʻquvchilar qabul qilish Vazirlar Mahkamasining qarori bilan belgilangan toʻlov-kontrakt asosida davlat grantlari kvotalari doirasida amalga oshiriladi.
4. Toʻlov-kontrakt asosida taʼlim grantlari korxonalar, tashkilotlar, shuningdek jismoniy shaxslar tomonidan mutaxassislarga boʻlgan ehtiyojni qondirish va tegishli maʼlumot olish uchun ajratiladi.
5. Korxona va muassasalar toʻlov-kontrakt asosida taʼlim grantlari ajratayotganlarida ishlab chiqarish va uning boʻlinmalari faoliyati ixtisosiga mos keluvchi mutaxassisliklar boʻyicha kadrlarga boʻlgan mavjud ehtiyojni hisobga olishlari kerak.
6. Korxona va muassasalar mutaxassislarga boʻlgan oʻz talablarini hisobga olgan holda tasarrufida oliy va oʻrta maxsus taʼlim muassasalari boʻlgan vazirlik va idoralarga 1-aprelgacha buyurtmanoma (bir nusxasini taʼlim muassasalariga) beradilar, unda taʼlim yoʻnalishlari (mutaxassisliklar) va har bir oʻquv yili uchun talab qilinadigan mutaxassislar soni koʻrsatiladi.
Toʻlov-kontrakt asosida qabul koʻrsatkichlarini shakllantirish boʻyicha masʼuliyat oliy taʼlim muassasalari marketing xizmati va Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligiga yuklanadi.
7. Abituriyentlarni toʻlov-kontrakt asosida oliy va oʻrta maxsus taʼlim muassasalariga qabul qilish yagona qoida va test ballari reytingiga qarab barcha kiruvchilarning teng xuquqshunosligi asosida oʻtkaziladigan test sinovlari, natijalariga koʻra amalga oshiriladi.
8. Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalariga qabul qilish boʻyicha Davlat komissiyasining (keyingi oʻrinlarda Davlat komissiyasi deyiladi) abituriyentlarni toʻlov-kontrakt asosida talabalikka (oʻquvchilikka) qabul qilishni tavsiya etish toʻgʻrisidagi qarori qabul qilingandan soʻng taʼlim muassasasi, buyurtmachi (yuridik shaxs) bilan abituriyent oʻrtasida kontraktlar (uch tomonlama kontakt) rasmiylashtiriladi.
Toʻlov-kontrakt asosida oʻqishga kiruvchi jismoniy shaxslar oʻqishga qabul qiluvchi taʼlim muassasasi bilan kontrakt (ikki tomonlama kontakt) tuzadilar.
Tuziladigan kontraktlarda tomonlarning majburiyatlari va zarur boʻlgan qoʻshimcha shartlar kelishib olinadi.
9. Toʻlov-kontrakt asosida kiruvchi abituriyentlarni oʻqishga qabul qilish tegishli kontrakt rasmiylashtirilgandan va taʼlim muassasasi tomonidan bir oʻquv yili uchun oʻqish qiymati yuridik yoki jismoniy shaxslar tomonidan toʻlanganligi (toʻliq yoki belgilangan miqdorning kamida 50 foizi) toʻgʻrisida tasdiqnoma olingandan soʻng 10-sentabrdan kechiktirilmay taʼlim muassasi boʻyicha buyruq bilan rasmiylashtiriladi.
KONTRAKTNI RASMIYLAShTIRISh
10. Shartnomaning tomonlari quyidagilar hisoblanadi:
a) bir tomondan — uch tomonlama kontrakt boʻlganda taʼlim muassasasining maʼmuriyati nomidan rahbar;
ikkinchi tomondan — buyurtmachi (yuridik shaxs) nomidan rahbar va uchinchi tomondan — abituriyent;
b) ikki tomonlama kontrakt boʻlganda bir tomondan — taʼlim muassasasi maʼmuriyati nomidan rahbar, ikkinchi tomondan — buyutmachi (jismoniy shaxs).
11. Uch yoki ikki tomonlama kontraktlar ilova qilinayotgan shakllar (1- va 2-ilovalar)ga muvofiq rasmiylashtiriladi:
yuridik shaxslar uchun — 3 nusxada; jismoniy shaxslar uchun — 2 nusxada.
Kontraktlar blankalari test natijalari eʼlon qilingandan va Davlat komissiyasi tavsiyanomalari olingandan soʻng taʼlim muassasalari qabul komissiyasi tomonidan beriladi.
Kontraktlarni toʻliq rasmiylashtirish 10 kun muddatda amalga oshiriladi.
Kontraktning toʻliq rasmiylashtirilgan nusxalari kontrakt tuzgan tomonlarga beriladi.
III. HAQ TOʻLASh TARTIBI VA MIQDORI
12. Oʻqish uchun haq toʻlash miqdori Moliya vazirligi va Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tomonidan oliy va oʻrta maxsus taʼlim muassasalariga ega boʻlgan tegishli vazirliklar va idoralar bilan kelishuv boʻyicha belgilanadi. Har bir oʻquv yili uchun haq toʻlash oʻqishning kunduzgi shakli boʻyicha bir taʼlim oluvchiga qilinadigan xarajatlarni toʻliq qoplash miqdorida taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha alohida belgilanadi. (3-ilova)
Sirtdan oʻqiydiganlar uchun haq toʻlash kunduzgi shaklda oʻqish qiymatining 60 foizi miqdorida belgilanadi.
Eng kam oylik ish haqi miqdorlari yoki tariflar oʻzgarganda, oʻqishning qolgan vaqti uchun haq toʻlash summasi tegishli ravishda oʻzgaradi. Bunday hollarda kontraktlarga tegishli oʻzgartirishlar kiritiladi.
13. Oʻqish uchun haq jismoniy yoki yuridik shaxs (buyurtmachi) tomonidan toʻliq yoki kontraktda belgilangan muddatlarda bir yilda koʻpi bilan ikki marta (toʻla qiymatning 50 foizi miqdorida) boʻlib toʻlanadi.
Oʻqish uchun budjet mablagʻlari hisobidan haq toʻlash man qilinadi.
14. Taʼlim oluvchi ichki tartib qoidalarini, oʻquv intizomini buzganligi va akademik oʻzlashtirmaganligi, shuningdek, kontrakt shartlarini bajarmaganligi uchun oʻqishdan ozod qilinganda ilgari toʻlangan pullar qaytarib berilmaydi. Oʻqish taʼlim oluvchining oʻz tashabbusi bilan uzrli sabablarga koʻra toʻxtab qolganda, taʼlim muassasasi oʻqishning amaldagi muddati uchun sarflangan xarajatlarni hisobga olgan holda ilgari berilgan pullarni qaytarib beradi.
IV. OʻQISh UChUN OLINGAN MABLAGʻLARNING TAʼLIM MUASSASALARI TOMONIDAN SARFLANIShI
15. Toʻlov-kontrakt asosida kadrlar tayyorlash uchun tushgan mablagʻlar taʼlim muassasasi daromadiga kiritiladi.
Taʼlim muassasalarining oʻqitishning toʻlov-kontrakt shakli boʻyicha kelib tushgan daromadlari talaba va oʻquvchilarga sarflanadigan joriy xarajatlarga, moddiy-texnikaviy bazasini mustahkamlash, oʻquv jarayonini vositalar bilan taʼminlash, jihozlar va yumshoq inventarlarni sotib olish, kutubxona fondini toʻldirishga, maʼnaviyat va maʼrifat yoʻli bilan tadbirlar oʻtkazishga, ijtimoiy muhofaza qilish va moddiy ragʻbatlantirishga ishlatiladi.
Bunda, mehnatiga haq toʻlash va uni ragʻbatlantirishga yoʻnaltirilgan mablagʻlar hajmi daromadlar umumiy hajmining 25 foizidan oshib ketmasligi kerak.
16. Har yili taʼlim muassasalari tomonidan oʻqitishning toʻlov-kontrakt shakli boʻyicha tushadigan budjetdan tashqari mablagʻlar boʻyicha kalendar yil uchun daromadlar va xarajatlar smetalari ishlab chiqiladi va ular taʼlim muassasasi boʻysunadigan vazirliklar hamda idoralarga tasdiqlash uchun taqdim etiladi.
Taʼlim muassasalari yilning xar choragi tugaganidan keyin, keyingi oyning birinchi oʻn kunligida, oʻzlari boʻysunadigan vazirliklar va idoralarga toʻlov-kontrakt asosida mutaxassislar tayyorlagani uchun tushadigan mablagʻlar boʻyicha xarajatlar smetasi bajarilishi toʻgʻrisida belgilangan tartibda hisobot taqdim etadilar. (4-ilova)
Vazirliklar va idoralar Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga buxgalteriya hisobotlarini topshirish uchun belgilangan muddatlarda tasdiqlangan shakl boʻyicha hisobot taqdim etadilar.
17. Tushgan mablagʻlarning toʻgʻri sarflanishi ustidan nazoratni tasarrufida taʼlim muassasalari boʻlgan vazirliklar va idoralar hamda Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi amalga oshiradi.
1-ILOVA
2-ILOVA
3-ILOVA
4-ILOVA
