9-modda. Jamiyatning mulki va mablagʻlari
Davlat-aksiyadorlik mashina-traktor parkining (324-son) · Sana: 08.04.1997 · Amalda
9.1. Jamiyatning mulki asosiy fondlar, aylanma mablagʻlar va boshqa turdagi boyliklardan iborat boʻlib, ularning qiymati mustaqil balansda aks ettiriladi. Jamiyat mulkining vujudga kelish manbalari quyidagilardan iborat:
tumanlarda “Oʻzqishloqxoʻjtaʼminottuzatish” davlat kooperativ qoʻmitasining tugatilayotgan tashkilotlarining asosiy vositalari;
mahsulot sotish, ish bajarish va xizmat koʻrsatish evaziga shuningdek xoʻjalik faoliyatining boshqa turlari hisobiga olinadigan daromadlar;
banklar va tashkilotlarning bergan kreditlari;
qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar;
Ustav Fondi aksiyadorlik jamiyatining aksiyalarini chiqarish asosida tashkil qilinadi.
9.2. Jamiyat belgilangan tartibda banklar kreditlaridan foydalanishi mumkin.
9.3. Jamiyatda uning faoliyati uchun zarur boʻlgan ustav fondi va boshqa fondlar vujudga keltiriladi.
9.4. Jamiyat Oʻzbekiston Respublikasidagi korxonalar, tashkilotlar uchun belgilab qoʻyilgan meʼyorlar va tartiblarda amortizatsiya uchun mablagʻlar ajratadi.
