11-modda. Aksiyadorlarning umumiy yigʻilishi
Davlat-aksiyadorlik mashina-traktor parkining (324-son) · Sana: 08.04.1997 · Amalda
11.1. Aksiyadorlarning umumiy yigʻilishi jamiyatning eng yuqori organi hisoblanadi. Aksiyadorlar umumiy yigʻilishining mutloq vakolatiga quyidagilar kiradi:
jamiyat faoliyatining asosiy yoʻnalishlarini belgilash, uning rejalarini va rejalarning bajarilishga doir hisoblarini tasdiqlash;
jamiyatning Ustavini oʻzgartirish va toʻldirish;
jamiyatni kuzatuvchi kengashini boshqaruv va taftish komissiyasining aʼzolarini saylash, chaqirib olish hamda ularning faoliyat tartibini belgilash;
jamiyat faoliyatining, shu jumladan uning turdosh korxonalari va vakolatxonalarining yillik natijalarini, taftish komissiyasining hisobotlarini va xulosalarini, daromadni, dividendni taqsimlash, zararni qoplash va boshqa meʼyoriy hujjatlarni tasdiqlash;
jamiyatning ichki tartib qoidalarini, tashkiliy tuzilmalarini belgilash;
mansabdor shaxslarni mulkiy javobgarlikka tortish toʻgʻrisida qarorlar chiqarish;
jamiyatning Ustav Fondini koʻpaytirish;
jamiyatning Ustav Fondini kamaytirish;
oʻz aksiyalarini qaytarib sotib olish;
umumiy yigʻilish reglamentini tasdiqlash;
jamiyat faoliyatini toʻxtatish toʻgʻrisida qaror qabul qilish, tugatish komissiyasini tayinlash, tugatish balansini tasdiqlash.
11.2. Jamiyat Ustavini oʻzgartirish va toʻldirish, uning faoliyatini toʻxtatish, turdosh korxonalar, vakolatxonalar ochish va ularning faoliyatini tugatish, ustav jamgʻarmasini oʻzgartirish masalalarini hal eta olishi uchun yigʻilishda ishtirok etayotgan aksiyadorlarning 3/4 qismidan iborat koʻpchilik, ovoz talab etiladi. Boshqa barcha masalalar yuzasidan qarorlar yigʻilishda ishtirok etayotgan aksiyadorlarning koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi.
11.3. Umumiy yigʻilish, basharti unda jamiyat ustaviga muvofiq ovozlarning 60 (oltmish) foizdan ziyodrogʻiga ega boʻlgan aksiyadorlar ishtirok etsa, qonuniy kuchga ega hisoblanadi. Jamiyat umumiy yigʻilishida ovoz berish, bitta aksiya bir ovoz qoidasi asosida oʻtkaziladi.
Barcha aksiyadorlar, umumiy yigʻilish ochilishiga 30 kunlik muddat qolganga qadar vaqt ichida kun tartibiga oʻz takliflarini kiritishlari mumkin.
11.4. Aksiyadorlarning umumiy yigʻilishi navbatdagi va navbatdan tashqari boʻlishi mumkin. Navbatdagi umumiy yigʻilish, aksiyadorlar umumiy yigʻilishi vakolati doirasida, jamiyatning yillik hisoboti va balansini koʻrib chiqish va taqsimlash, faoliyatning asosiy yoʻnalishlarini belgilash, daromadni taqsimlash va boshqa masalalar boʻyicha, bir yilda kamida bir marta chaqiriladi.
