13-modda. Shirkatning huquqlari
Uy-joy mulkdorlarining shirkatlari toʻgʻrisida (761-I-son) · Sana: 15.04.1999 · Amalda
Shirkat quyidagi huquqlarga egadir:
taʼmirlash-foydalanish ishlarini mustaqil amalga oshirish;
uy-joy fondiga xizmat koʻrsatish va uni taʼmirlash uchun tashkilotni belgilash;
umumiy mol-mulkni boshqarish, unga xizmat koʻrsatish va undan foydalanish, shuningdek kommunal va boshqa xizmatlar koʻrsatish uchun yuridik va jismoniy shaxslar bilan shartnomalar tuzish;
banklarning kreditlaridan qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda va shartlarda foydalanish;
xoʻjalik binolari va boshqa imoratlar qurishda foydalanish uchun belgilangan tartibda yer uchastkalari olish;
asbob-uskunalar, anjomlar va boshqa moddiy boyliklarni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda olish, sotish, topshirish, ayirboshlash, ijaraga berish, balansdan chegirib tashlash;
ishlarni bajarish va shirkat aʼzolariga xizmatlar koʻrsatish;
qonun hujjatlariga hamda shirkat ustaviga muvofiq xoʻjalik faoliyati bilan shugʻullanish;
shirkat ustavida nazarda tutilgan maqsadlarga sarflanadigan maxsus fondlar tuzish.
Turar joy mulkdori qonun hujjatlarida belgilangan majburiy toʻlovlarni toʻlash boʻyicha oʻz majburiyatlarini bajarmagan yoki lozim darajada bajarmagan taqdirda shirkat mulkdorga nisbatan shirkatga yetkazilgan zararlarning oʻrnini qoplash talabi bilan daʼvo qoʻzgʻatishga haqlidir.
Shirkat qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
