1-modda. Uy-joy mulkdorlarining shirkati
Uy-joy mulkdorlarining shirkatlari toʻgʻrisida (761-I-son) · Sana: 15.04.1999 · Amalda
Uy-joy mulkdorlarining shirkati — qonun hujjatlarida belgilangan tartibda uy-joy mulkdorlarining uydan foydalanishni, uning saqlanishini birgalikda boshqarish va taʼminlash, umumiy foydalanishdagi obyektlarga egalik qilish va ulardan foydalanish shartlari, tartibini aniqlash, umumiy mulkdagi mol-mulkning lozim darajadagi holatini taʼminlash maqsadidagi birlashmasidir.
Uy-joy mulkdorlarining shirkati (bundan keyin matnda shirkat deb yuritiladi) notijorat tashkilot boʻlib, bitta yoki yaqin, zich joylashgan, umumiy yer uchastkasi va infratuzilma elementlari bir boʻlgan bir nechta uyda yoxud uyning boshqa qismlaridan alohida kirish joyi boʻlgan, kamida bitta blok-seksiya hajmidagi mustaqil qismida turar joy mulkdorlaridan kamida yarmining xohishiga koʻra, taʼsis majlisining qarori bilan tashkil etiladi.
Shirkat yuridik shaxsdir, u oʻz nomi yozilgan muhrga, bank muassasasida hisob-kitob varagʻi va boshqa hisobvaraqlarga ega boʻladi.
Shirkat oʻz majburiyatlari boʻyicha oʻziga tegishli barcha mol-mulk bilan javob beradi hamda oʻz aʼzolarining majburiyatlari boʻyicha javob bermaydi.
