4-modda. Mudofaa sohasidagi davlat siyosatining asosiy prinsiplari
“Mudofaa toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (211-II-son) · Sana: 11.05.2001 · Amalda
Mudofaa sohasidagi davlat siyosatining asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat:
boshqa davlatga qarshi harbiy kuch ishlatmaslik, tajovuzning oldini olish va uni daf etish, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi tegishli shartnomalar bilan bogʻlangan davlatlarga yordam koʻrsatish hollari bundan mustasno;
xalqaro huquq normalariga muvofiq ravishda kollektiv xavfsizlik tizimlarida ishtirok etish;
harbiy-siyosiy bloklarda qatnashmaslik;
harbiy qurilishning zamonaviy urushlar va qurolli mojarolarning xususiyatiga monand boʻlishi;
yadroviy va boshqa turdagi yalpi qirgʻin qurollarini ishlab chiqarishni, qayta ishlashni, olishni, saqlashni, tarqatishni va joylashtirishni rad etish;
Qurolli Kuchlarning, iqtisodiyotning, aholining, hududning tajovuzni daf etishga doim shay turishi;
mudofaaning yetarli darajada boʻlishi;
harbiy xizmat sharafli ekanligini taʼminlash.
