11-modda. Qurolli Kuchlarning Bosh shtabi
“Mudofaa toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (211-II-son) · Sana: 11.05.2001 · Amalda
Qurolli Kuchlarning Bosh shtabi Oʻzbekiston Respublikasining suvereniteti va hududiy yaxlitligini qurolli himoya qilish sohasidagi qarorlarni ishlab chiquvchi va amalga oshiruvchi yagona qoʻmondonlik organi hisoblanadi.
Qurolli Kuchlarning Bosh shtabi:
milliy harbiy strategiya, Qurolli Kuchlar qurilishi va rivojlantirilishining konseptual asoslarini ishlab chiqish uchun masʼul boʻladi;
Qurolli Kuchlarni, harbiy okruglarni, vazirliklar va idoralarning harbiy tuzilmalarini tezkor-strategik boshqarishning bosh organi vazifasini bajaradi;
qoʻshinlarning jangovar harakatlari strategik jihatdan va tezkor rejalashtirilishini hamda ularga rahbarlikni amalga oshiradi;
qoʻshinlarning tezkor va jangovar tayyorgarligiga, ular tashkiliy-shtat tuzilishining qoʻshinlarni qoʻllash shakl va usullariga koʻnikma hosil qilishiga doir tadbir-choralar ishlab chiqadi hamda amalga oshiradi;
oʻz vakolatlari doirasida barcha vazirliklar va idoralar tomonidan, Qurolli Kuchlarning shakl va turdagi qoʻshinlarining, birlashmalari, qoʻshilmalari va boʻlinmalarining qoʻmondonlari tomonidan ijro etilishi majburiy boʻlgan direktivalar va buyruqlar chiqaradi;
qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
