Tadbirkorlik subyektlarini davlat roʻyxatiga olishning xabardor qilish tartibida roʻyxatga oluvchi organlar va davlat soliq xizmati hamda davlat statistika organlari oʻrtasida oʻzaro axborot almashinuvi toʻgʻrisida Yoʻriqnomani tasdiqlash haqida (1633-son)
31.10.2006
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI DAVLAT SOLIQ QOʻMITASI OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI DAVLAT STATISTIKA QOʻMITASINING
Qarori
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2006-yil 31-oktabrda 1633-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazildi ]
Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi, Soliq kodeksi, “Davlat soliq xizmati toʻgʻrisida”, “Davlat statistikasi toʻgʻrisida”, “Axborotlashtirish toʻgʻrisida”, “Elektron hujjat aylanishi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2006-yil 24-maydagi “Tadbirkorlik subyektlarini davlat roʻyxatiga olish va hisobga qoʻyishning xabardor qilish tartibini joriy etish toʻgʻrisida”gi PQ-357-sonli qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 20-21-son, 174-modda) muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi va Davlat statistika qoʻmitasi qaror qiladi:
1. Tadbirkorlik subyektlarini davlat roʻyxatiga olishning xabardor qilish tartibida roʻyxatga oluvchi organlar va davlat soliq xizmati hamda davlat statistika organlari oʻrtasida oʻzaro axborot almashinuvi toʻgʻrisidagi Yoʻriqnoma ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab oʻn kun oʻtgach kuchga kiradi.
Davlat soliq qoʻmitasi raisi B. PARPIYEV
Toshkent sh.,
2006-yil 29-sentabr,
2006-40-son
Davlat statistika qoʻmitasi raisi Gʻ. QUDRATOV
Toshkent sh.,
2006-yil 29-sentabr,
6-son
Davlat soliq qoʻmitasi, Davlat statistika qoʻmitasining 2006-yil 29-sentabrdagi 2006-40, 6-son qarori bilan TASDIQLANGAN
Tadbirkorlik subyektlarini davlat roʻyxatiga olishning xabardor qilish tartibida roʻyxatga oluvchi organlar va davlat soliq xizmati hamda davlat statistika organlari oʻrtasida oʻzaro axborot almashinuvi toʻgʻrisida
YOʻRIQNOMA
Mazkur Yoʻriqnoma Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi, Soliq kodeksi, Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat soliq xizmati toʻgʻrisida”, “Davlat statistikasi toʻgʻrisida”, “Axborotlashtirish toʻgʻrisida”, “Elektron hujjat aylanishi toʻgʻrisida”gi qonunlari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2006-yil 24-maydagi “Tadbirkorlik subyektlarini davlat roʻyxatiga olish va hisobga qoʻyishning xabardor qilish tartibini joriy etish toʻgʻrisida”gi PQ–357-son qaroriga asosan, tadbirkorlik subyektlarini roʻyxatga olishning xabardor qilish tartibida Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar adliya boshqarmalari, tuman (shahar)lar hokimliklari huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarini roʻyxatdan oʻtkazish inspeksiyalari (keyingi oʻrinlarda — roʻyxatdan oʻtkazuvchi organlar), davlat soliq xizmati hamda davlat statistika organlari oʻrtasida oʻzaro axborot almashinuvi tartibini belgilaydi.
I. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Yoʻriqnomada quyidagi tushunchalar qoʻllaniladi:
tadbirkorlik subyektlari — belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtgan hamda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan yuridik va jismoniy shaxslar.
korxona va tashkilotlarning umumdavlat tasniflagichi (keyingi oʻrinlarda — KTUT) xos raqamlari kvotasi — Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi tomonidan roʻyxatdan oʻtkazuvchi organga mustaqil berish uchun ajratilgan xos raqamlar kvotasi.
elektron hujjat aylanishi — elektron hujjatlarni axborot tizimi orqali joʻnatish va qabul qilib olish jarayonlari yigʻindisi.
II. Davlat statistika organi tomonidan roʻyxatdan oʻtkazuvchi organlarga KTUT xos raqamlari kvotasini ajratish tartibi
2. Roʻyxatga oluvchi organ KTUT xos raqamlarining tegishli kvotasidan KTUT xos raqamini beradi. KTUT xos raqamlari kvotasi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi tomonidan roʻyxatga oluvchi organga mustaqil ravishda berish uchun ajratilgan KTUT xos raqamlarining miqdoridan iboratdir. KTUT xos raqamlari kvotasi har bir roʻyxatga oluvchi organga har oyning 5 sanasidan kechiktirmay uzluksiz ravishda taqdim etiladi (mazkur Yoʻriqnomaning 1-ilovasi).
3. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi har oyda KTUT zaxira xos raqamlarining zarur miqdorini shakllantiradi va roʻyxatga oluvchi organlarga elektron shaklda taqdim etadi.
4. Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar statistika boshqarmalari elektron pochta yoki faksimil aloqa orqali KTUT xos raqamlarini:
adliya organlari roʻyxatga oladigan tadbirkorlik subyektlari boʻyicha —Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar adliya boshqarmalariga;
tuman (shahar)lar hokimliklari huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarini roʻyxatdan oʻtkazish inspeksiyalari (keyingi oʻrinlarda — Inspeksiya) roʻyxatga oladigan tadbirkorlik subyektlari boʻyicha — tuman (shahar) davlat statistika boʻlimlariga taqdim etadilar.
5. KTUT xos raqamlari kvotasi har bir roʻyxatga oluvchi organda bir oyda davlat roʻyxatidan oʻtkazilayotgan tadbirkorlik subyektlari — yuridik shaxslarning oʻrtacha sonidan kelib chiqib ajratiladi.
6. Roʻyxatga oluvchi organlarda KTUT xos raqamlarining yetarli miqdordan kamayib ketishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Keyingi oyning 5 sanasigacha roʻyxatga oluvchi organlarga ajratilgan KTUT xos raqamlari kvotasi yetarli boʻlmasa, roʻyxatga oluvchi organ oldindan tegishli hududiy statistika organiga belgilangan shaklda soʻrovnoma bilan murojaat qiladi (mazkur Yoʻriqnomaning 2-ilovasi).
Soʻrovnomani olgan davlat statistika organi ikki ish kuni ichida kerakli miqdordagi qoʻshimcha KTUT xos raqamlarini roʻyxatga oluvchi organga ajratib berishi shart.
7. KTUT xos raqami roʻyxatga oluvchi organlar tomonidan qatʼiy ketma-ketlik bilan beriladi. KTUT xos raqamining toʻgʻri berilishi uchun roʻyxatga oluvchi organlar javobgardir.
8. Yuridik shaxsga roʻyxatga olish vaqtida berilgan KTUT xos raqami boshqa yuridik shaxsga qaytadan berilishiga yoʻl qoʻyilmaydi (yuridik shaxs belgilangan tartibda tugatilgan taqdirda ham).
Yuridik shaxs takroran roʻyxatdan oʻtganda, uning asosiy faoliyat turi, mulkchilik shakli, tashkiliy huquqiy shakli, nomlanishi, yuridik manzili, taʼsischilar tarkibi, nizom jamgʻarmasi, idoraviy mansubligi oʻzgarganda KTUT xos raqami oʻzgartirilmaydi.
9. Davlat statistika organlari roʻyxatga oluvchi organ tomonidan berilgan KTUT xos raqamlarining ular tomonidan ajratilgan xos raqamlarga mos kelishini tekshiradi.
Xatolar aniqlangan taqdirda, bir ish kuni davomida elektron pochta yoki faksimil aloqa orqali tegishli roʻyxatga oluvchi organ xabardor qilinadi.
10. Roʻyxatga oluvchi organ, tegishli xabarnomani olgandan soʻng bir ish kuni davomida Yuridik shaxslarning Davlat reyestriga oʻzgartirish kiritib, davlat roʻyxatidan oʻtganlik haqida yangi guvohnoma rasmiylashtirib, bu haqda tadbirkorlik subyektini xabardor qiladi va unga yangi guvohnoma beradi.
Berilgan yangi guvohnoma uchun davlat boji undirilmaydi.
III. Tadbirkorlik subyektlariga soliq toʻlovchilar identifikatsiya raqamlarini berish tartibi
11. Soliq toʻlovchilar identifikatsiya raqamlarini (keyingi oʻrinlarda — STIR) berish quyidagilarni taʼminlashga qaratilgan:
Oʻzbekiston Respublikasi soliq toʻlovchilarining identifikatsiya raqamlari yagona reyestrini shakllantirish;
soliq toʻlovchilarni hisobga olishni tartibga solish;
soliqlarning budjetga tushishini hisobga olish va davlat soliq xizmati organlarining oʻzaro hamkorligi boʻyicha maʼlumotlarni kompyuterda ishlashni joriy etish;
soliq qonunchiligiga rioya etilishi boʻyicha axborotlarning yaxlitligi va ishonchliligi koʻp tomonlama tekshirilishi va nazorat qilinishini tashkil etish;
davlat soliq xizmati organlari bilan davlat hokimiyati va boshqaruvining boshqa organlari, tijorat banklari va moliyaviy, shuningdek koʻchar va koʻchmas mulk boʻyicha operatsiyalarni amalga oshiruvchi boshqa tashkilotlar oʻrtasida axborot ayirboshlashni birxillashtirish;
xoʻjalik yurituvchi subyektlar, shu jumladan jismoniy shaxslar tomonidan daromadlar, toʻlangan soliqlar, ijtimoiy va boshqa sugʻurtalar boʻyicha davlat jamgʻarmalariga toʻlovlarni hisobga olishni birxillashtirish.
12. Yuridik shaxslarga KTUT xos raqami berilganidan keyin, roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ elektron pochta aloqasi orqali yuridik shaxs tomonidan arizada koʻrsatilgan pochta manzilidagi davlat soliq xizmati organlariga STIR berish uchun belgilangan shaklda ushbu organ mansabdor shaxsining elektron imzosi bilan tasdiqlangan soʻrovnoma yuboradi (mazkur Yoʻriqnomaning 3-ilovasi).
13. Roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ yakka tartibdagi tadbirkor va yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan dehqon xoʻjaliklari uchun elektron pochta aloqasi orqali jismoniy shaxsning pasporti boʻyicha turar joy manzilidagi davlat soliq xizmati organiga STIR berish uchun belgilangan shaklda ushbu organ mansabdor shaxsining elektron imzosi bilan tasdiqlangan soʻrovnoma yuboradi (mazkur Yoʻriqnomaning 4-ilovasi).
Elektron pochta aloqasi mavjud boʻlmagan hollarda STIR berish uchun soʻrovnoma faksimil aloqa orqali yuboriladi. Bunda STIR berish va uni roʻyxatdan oʻtkazuvchi organga yuborish vaqti sakkiz ish soatidan oshmasligi lozim.
14. Davlat soliq xizmati organi roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ tomonidan tadbirkorlik subyektlariga STIR berish uchun yuborilgan soʻrovnomaning belgilangan shaklga mos kelmasligini yoki xato va kamchiliklar bilan toʻldirilganligini aniqlasa, roʻyxatdan oʻtkazuvchi organga ushbu soʻrovnomani qayta ishlash uchun bir ish soati ichida yuboradi.
Roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ tomonidan qayta ishlash uchun yuborilgan soʻrovnomadagi kamchiliklarni tuzatish uchun ketgan vaqt davlat soliq xizmati organi tomonidan STIR berish uchun belgilangan sakkiz ish soatiga kirmaydi. Soʻrovnomadagi kamchiliklar tuzatilib, davlat soliq xizmati organiga qayta yuborilganda, yangidan yuborilgan soʻrovnoma deb hisoblanadi.
15. Roʻyxatdan oʻtkazuvchi organdan elektron pochta yoki faksimil aloqa orqali soʻrovnomalarning kelgan vaqtini qayd etish maqsadida davlat soliq xizmati organlarining tegishli boʻlimlarida mazkur Yoʻriqnomaning 7-8-ilovalarida koʻrsatilgan shakldagi “Yuridik shaxslarga STIR berish va ularni davlat soliq xizmati organlarida hisobga olishni monitoring qilish” va “Tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanuvchi yakka tartibdagi tadbirkor va yuridik shaxs boʻlmasdan tashkil etilgan dehqon xoʻjaligiga STIR berish va ularni davlat soliq xizmati organlarida hisobga olishni monitoring qilish” jurnallar yuritiladi.
Jurnallar tikilgan, raqamlangan, sanasi koʻrsatilib, mansabdor shaxsning imzosi bilan tasdiqlangan hamda muhrlangan boʻlishi lozim.
16. Roʻyxatdan oʻtkazuvchi hamda davlat soliq xizmati organlarida texnik talablarga javob beradigan kompyuter va faks oʻrnatilgan boʻlishi lozim.
Tadbirkorlik subyektlariga STIR berish uchun yuborilgan soʻrovnoma davlat soliq xizmati organlarining tegishli boʻlinmasida alohida elektron manzilga ega boʻlgan kompyuterda qabul qilib olinadi.
Elektron hujjatlarda taqdim etilayotgan soʻrovnomalardagi maʼlumotlarning himoyasini taʼminlash maqsadida, elektron hujjat aylanishining ishtirokchilari tomonidan kriptografiya himoya vositalari qoʻllaniladi.
17. Davlat soliq xizmati organlari belgilangan shakllardagi soʻrovnomalarni qabul qilib olgach, aniq vaqt rejimida soliq toʻlovchilarning identifikatsion raqamlari markazlashtirilgan bazasi orqali tadbirkorlik subyektiga STIR beradi.
18. Tadbirkorlik subyektlariga STIR berilgandan keyin, davlat soliq xizmati organlari roʻyxatdan oʻtkazuvchi organlarga tadbirkorlik subyektiga STIR berilganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotnomani elektron pochta orqali yuboradi (mazkur Yoʻriqnomaning 5 va 6-ilovalari).
Elektron pochta aloqasi boʻlmagan taqdirda STIR berilganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma faksimil aloqa orqali yuboriladi.
IV. Tadbirkorlik subyektlarini davlat soliq xizmati va davlat statistika organlarida hisobga olish
19. Roʻyxatdan oʻtkazuvchi organlar tadbirkorlik subyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazishni amalga oshirgan kundan boshlab bir ish kuni mobaynida tadbirkorlik subyektlari joylashgan joydagi davlat soliq xizmati va davlat statistika organlariga rasmiy ravishda mazkur Yoʻriqnomaning 9-ilovasida belgilangan shaklda maʼlumotnoma hamda ariza-xabarnoma nusxasini yuboradi.
20. Davlat soliq xizmati organlari tomonidan mazkur Yoʻriqnomaning 20-bandida koʻrsatilgan hujjatlar olingandan soʻng, ikki ish kuni mobaynida yuridik shaxsni, yakka tartibdagi tadbirkor va yuridik shaxs boʻlmasdan tashkil etilgan dehqon xoʻjaligini hisobga oladi. Shu bilan bir vaqtda, ularni budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasiga, Ish bilan taʼminlashga koʻmaklashish jamgʻarmasi hamda Respublika yoʻl jamgʻarmasiga toʻlovlar toʻlovchilari sifatida (tegishli jamgʻarmalarga toʻlovchilar hisoblangan subyektlar uchun) hisobga qoʻyadilar.
V. Tadbirkorlik subyektining taʼsis hujjatlari hamda Yagona davlat reyestriga kiritiladigan oʻzgartirish va qoʻshimchalarni qayta hisobga olish
21. Tadbirkorlik subyektlari — yuridik shaxslarning taʼsis hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilgan taqdirda tadbirkorlik subyektining vakolatli boshqaruv organi tomonidan tegishli qaror qabul qilingan paytdan boshlab 7 ish kuni mobaynida, pochta yoki yuridik manzili oʻzgargan taqdirda — oʻn kun muddatda bu haqda roʻyxatdan oʻtkazuvchi organlarni yozma ravishda xabardor qilishlari shart.
Roʻyxatdan oʻtkazuvchi organlar xabarnomani olgandan boshlab ikki kun muddatda ushbu oʻzgarish haqida belgilangan shaklda tadbirkorlik subyekti avval joylashgan hamda yangi manzil boʻyicha joylashgan davlat soliq xizmati va davlat statistika organlarini xabardor qiladi.
Tadbirkorlik subyektini ilgari hisobga olgan tegishli davlat soliq xizmati organi ushbu xabarnomani olgandan soʻng, ikki ish kuni davomida tadbirkorlik subyektiga tegishli barcha maʼlumotlarni yangi manzil boʻyicha joylashgan davlat soliq xizmati va davlat statistika organlariga yuboradi (mazkur Yoʻriqnomaning 10-ilovasi).
22. Korxonalar va tashkilotlarning Yagona davlat reyestriga oʻzgartirish kiritishga olib keluvchi tadbirkorlik subyekti — yuridik shaxsning asosiy faoliyat turi va unda ishlovchilarning oʻrtacha yillik soni oʻzgarsa, davlat statistika organlari tadbirkorlik subyektlarini jalb qilmagan holda qonunchilikka muvofiq taqdim qilinadigan yillik statistik hisobotlar asosida tegishli oʻzgartirishlar kiritadi va bu haqda roʻyxatdan oʻtkazuvchi organlarni, davlat soliq xizmati organlarini hamda tadbirkorlik subyektini xabardor qiladi (mazkur Yoʻriqnomaning 11-ilovasi).
23. Yakka tartibdagi tadbirkor unga berilgan davlat roʻyxatidan oʻtkazilganlik haqidagi guvohnomada koʻrsatilgan faoliyat joyi oʻzgargan taqdirda, oʻn kun muddatda bu haqda roʻyxatdan oʻtkazuvchi organni yozma ravishda xabardor qilishi shart.
Roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ xabarnomani olgan kundan boshlab ikki kun muddatda ushbu oʻzgarish haqida davlat soliq xizmati organlarini xabardor qiladi.
Roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ va davlat soliq xizmati organlari ushbu oʻzgarish haqida xabarni olgandan keyin, uch kun muddatda yakka tartibdagi tadbirkorni ular tomonidan roʻyxatga va hisobga olish hujjatlariga kiritilgan oʻzgartirishlar haqida yozma ravishda xabardor qiladi.
Roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ yakka tartibdagi tadbirkorga xabar bilan birga oʻzgargan faoliyat joyini koʻrsatgan holda yangi guvohnoma berishi shart. Ushbu holatda dastlabki guvohnoma olib qoʻyiladi.
Yangi guvohnoma berilganligi uchun yigʻim undirilmaydi.
23-1. Yakka tartibdagi tadbirkorning faoliyatini vaqtincha toʻxtatib turish yoki tiklash toʻgʻrisidagi arizasini olgan roʻyxatga oluvchi organ keyingi ish kuni tugashidan kechikmay Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi va Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan shakl boʻyicha yakka tartibdagi tadbirkorning faoliyatini vaqtincha toʻxtatganligi yoki tiklaganligi toʻgʻrisida soliq boʻyicha hisobga qoʻyilgan joydagi davlat soliq xizmatiga axborot taqdim etadi.
24. Roʻyxatdan oʻtkazuvchi organlar yilning har choragida roʻyxatdan oʻtkazilgan va hisobga qoʻyilgan tadbirkorlik subyektlari sonini davlat soliq xizmati va davlat statistika organlari bilan solishtiradi.
VI. Taraflarning javobgarligi
25. Mazkur Yoʻriqnoma buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq javob beradilar.
VII. Yakuniy qoida
26. Mazkur Yoʻriqnoma Oʻzbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi bilan kelishilgan.
Oʻzbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi Bosh direktorining birinchi oʻrinbosari A. IZBOSAROV
Toshkent sh.,
2006-yil 28-sentabr
YOʻRIQNOMAGA 1-ILOVA
KTUT zaxira xos raqamlari
Yoʻriqnomaga 2-ILOVA
Yoʻriqnomaga 3-ILOVA
Yuridik shaxslarga identifikatsiya raqamini berilishi toʻgʻrisida
SOʻROVNOMA
Yoʻriqnomaga 4-ILOVA
Yakka tadbirkor va yuridik shaxs boʻlmasdan tashkil etilgan dehqon xoʻjaliklariga soliq toʻlovchining identifikatsiya raqamini berilishi toʻgʻrisida
SOʻROVNOMA
Yoʻriqnomaga 5-ILOVA
Yoʻriqnomaga 6-ILOVA
Yoʻriqnomaga 7-ILOVA
Yuridik shaxslarga STIR berish va ularni davlat soliq xizmati organlarida hisobga olishni monitoring qilish JURNALI
Yoʻriqnomaga 8-ILOVA
Tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanuvchi yakka tartibdagi tadbirkor va yuridik shaxs boʻlmasdan tashkil etilgan dehqon xoʻjaligiga STIR berish va ularni davlat soliq xizmati organlarida hisobga olishni monitoring qilish JURNALI
Yoʻriqnomaga 9-ILOVA
Davlat soliq xizmati va davlat statistika organlariga taqdim etish uchun zarur boʻlgan tadbirkorlik subyektlari toʻgʻrisidagi MAʼLUMOTLAR
Yoʻriqnomaga 10-ILOVA
Roʻyxatdan oʻtkazuvchi organlar tomonidan tadbirkorlik subyektining pochta va yuridik manzilgohi (tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanuvchi yakka tartibdagi tadbirkor va yuridik shaxs boʻlmasdan tashkil etilgan dehqon xoʻjaliklarini faoliyati va uni amalga oshirish joyi) oʻzgarganligi toʻgʻrisida davlat soliq xizmati va davlat statistika organlariga taqdim etiladigan MAʼLUMOT
* Yakka tartibdagi tadbirkor va yuridik shaxs boʻlmasdan tashkil etilgan dehqon xoʻjaliklari.
Yoʻriqnomaga 11-ILOVA
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 43-44-son, 434-modda; 2011-y., 7-8-son, 75-modda)
