3-modda. Asosiy tushunchalar
Hakamlik sudlari toʻgʻrisida (O‘RQ-64-son) · Sana: 16.10.2006 · Amalda
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
vakolatli sud — Oʻzbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksida yoki Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksida belgilangan sudlovga tegishlilikka muvofiq iqtisodiy sud yoki fuqarolik ishlari boʻyicha sud;
doimiy faoliyat koʻrsatuvchi hakamlik sudining qoidalari — doimiy faoliyat koʻrsatuvchi hakamlik sudining nizomi va reglamenti;
doimiy faoliyat koʻrsatuvchi hakamlik sudining nizomi — hakamlik sudini tashkil etgan nodavlat notijorat tashkiloti tomonidan tasdiqlanadigan lokal hujjat boʻlib, u doimiy faoliyat koʻrsatuvchi hakamlik sudining huquqiy maqomini, tashkil etilishini, faoliyatini tartibga soladi, shuningdek uning mazkur hakamlik sudini tashkil etgan nodavlat notijorat tashkiloti hamda boshqa yuridik shaxslar bilan oʻzaro munosabatlarini belgilaydi;
doimiy faoliyat koʻrsatuvchi hakamlik sudining reglamenti —hakamlik sudini tashkil etgan nodavlat notijorat tashkiloti tomonidan tasdiqlanadigan, hakamlik muhokamasi qoidalarini qamrab olgan lokal hujjat;
hakamlik bitimi — taraflarning nizoni hakamlik sudiga hal qilish uchun topshirish haqidagi kelishuvi;
hakamlik bitimi taraflari — hakamlik bitimi tuzgan yuridik va jismoniy shaxslar;
hakamlik muhokamasi — nizoni hakamlik sudida hal etish jarayoni;
hakamlik muhokamasi taraflari — oʻz huquq va manfaatlarini himoya qilish uchun hakamlik sudiga daʼvo taqdim etgan yuridik va jismoniy shaxslar (daʼvogarlar), shuningdek oʻziga nisbatan daʼvo taqdim etilgan shaxslar (javobgarlar);
hakamlik muhokamasi qoidalari — hakamlik sudida nizoni hal etishni tartibga soluvchi, hakamlik sudiga murojaat qilish, hakamlik sudyalarini saylash (tayinlash) qoidalarini va hakamlik muhokamasi tartib-taomilini oʻz ichiga oluvchi normalar;
hakamlik sudi (doimiy faoliyat koʻrsatuvchi hakamlik sudi yoki muvaqqat hakamlik sudi) — fuqarolik huquqiy munosabatlaridan kelib chiquvchi nizolarni, shu jumladan tadbirkorlik subyektlari oʻrtasida vujudga keluvchi iqtisodiy nizolarni hal etuvchi nodavlat tuzilma;
hakamlik sudyasi — hakamlik sudida nizoni hal etish uchun hakamlik bitimi taraflari tomonidan saylangan yoki belgilangan tartibda tayinlangan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi.
