15-modda. Hakamlik sudining tarkibini shakllantirish
Hakamlik sudlari toʻgʻrisida (O‘RQ-64-son) · Sana: 16.10.2006 · Amalda
Hakamlik sudining tarkibini shakllantirish hakamlik sudyalarini (hakamlik sudyasini) saylash (tayinlash) orqali amalga oshiriladi.
Doimiy faoliyat koʻrsatuvchi hakamlik sudida hakamlik sudyalari mazkur hakamlik sudini tashkil etgan nodavlat notijorat tashkiloti tomonidan tasdiqlangan hakamlik sudyalari roʻyxatiga kiritilgan sudyalar orasidan saylanadi (tayinlanadi). Agar hakamlik bitimi tarafi hakamlik bitimi boshqa tarafining hakamlik sudyasini (hakamlik sudyalarini) saylash haqidagi iltimosini olgan paytdan eʼtiboran oʻn besh kun ichida hakamlik sudyasini (hakamlik sudyalarini) saylamasa yoki hakamlik bitimining taraflari hakamlik sudyasini tanlash toʻgʻrisida kelisha olmasalar (nizo hakamlik sudyasi tomonidan yakka tartibda koʻrib chiqilayotganda) yoxud agar hakamlik sudyalari raislik qiluvchi hakamlik sudyasini tayinlash toʻgʻrisida oʻzlari saylangan paytdan eʼtiboran oʻn besh kun ichida kelisha olmasalar, ularni tayinlash doimiy faoliyat koʻrsatuvchi hakamlik sudining raisi tomonidan hakamlik bitimi taraflaridan birining iltimosiga binoan oʻn kun muddatda amalga oshiriladi.
Muvaqqat hakamlik sudida hakamlik sudyalari hakamlik bitimi taraflari tomonidan saylanadi. Agar hakamlik bitimi tarafi hakamlik bitimi boshqa tarafining hakamlik sudyasini (hakamlik sudyalarini) saylash haqidagi iltimosini olgan paytdan eʼtiboran oʻn besh kun ichida hakamlik sudyasini (hakamlik sudyalarini) saylamasa yoki hakamlik bitimining taraflari hakamlik sudyasini tanlash toʻgʻrisida kelisha olmasalar (nizo hakamlik sudyasi tomonidan yakka tartibda koʻrib chiqilayotganda) yoxud agar hakamlik sudyalari raislik qiluvchi hakamlik sudyasini tayinlash toʻgʻrisida oʻzlari saylangan paytdan eʼtiboran oʻn besh kun ichida kelisha olmasalar, nizo hal qilish uchun vakolatli sudga topshiriladi. Bunda hakamlik bitimining amal qilishi tugatiladi.
Hakamlik sudyalarining soni toq boʻlishi kerak.
Hakamlik bitimi taraflari ushbu moddaning qoidalariga rioya etgan holda hakamlik sudyalarining sonini oʻz xohishlariga koʻra belgilashlari, hakamlik sudi tarkibini shakllantirish tartibini kelishib olishlari mumkin. Agar hakamlik bitimi taraflari hakamlik sudyalarining sonini belgilamasa, hakamlik sudining tarkibi uch nafar hakamlik sudyasidan shakllantiriladi.
Hakamlik muhokamasi hakamlik sudining hayʼat tarkibi tomonidan oʻtkazilayotganda hakamlik bitimining har bir tarafi hakamlik sudyalarini teng miqdorda saylaydi va shunday tarzda saylangan hakamlik sudyalari boshqa hakamlik sudyasini — raislik qiluvchini tayinlaydi.
