23-modda. Qonun loyihasini ekspertizadan oʻtkazish
Qonunlar loyihalarini tayyorlash va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritish tartibi toʻgʻrisida (O‘RQ-60-son) · Sana: 11.10.2006 · Amalda
Qonun loyihasi ustidagi ish tugallanganidan soʻng uning sifatiga baho berish uchun qonunchilik tashabbusi huquqi subyektining qaroriga binoan loyiha huquqiy va boshqa xil (iqtisodiy, moliyaviy, ilmiy, ekologiya korrupsiyaga qarshi va oʻzga) ekspertizadan ham oʻtkazilishi mumkin. Ekspertlar qonun loyihasining ekspertizasi natijalari boʻyicha tegishli xulosa taqdim etadilar.
Ekspertlar sifatida qonun loyihasini tayyorlashda bevosita ishtirok etmagan tashkilotlar va (yoki) shaxslar jalb qilinadi. Ekspertiza oʻtkazish uchun olimlar va mutaxassislar, shu jumladan boshqa davlatlar hamda xalqaro tashkilotlardan olimlar va mutaxassislar jalb etilishi mumkin.
Qonun loyihasining muhokamasi jarayonida bildirilgan yoki ekspertlarning xulosalarida bayon etilgan takliflar va mulohazalar tavsiya xususiyatiga egadir. Inobatga olinmagan takliflar va mulohazalar yuzasidan tegishli tushuntirishlar berilgan holda maʼlumotnoma tuziladi.
