19-modda. Qonun loyihasining tuzilishi
Qonunlar loyihalarini tayyorlash va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritish tartibi toʻgʻrisida (O‘RQ-60-son) · Sana: 11.10.2006 · Amalda
Qonun loyihasi, qoida tariqasida, boʻlimlar, kichik boʻlimlar, boblar va paragraflarga ajratiladi.
Qonun loyihasi uning qabul qilinishi zaruriyati, sabablari va maqsadlariga oid tushuntirishni qamrab olgan, shuningdek uning mohiyatini va ahamiyatini ochib beradigan muqaddimaga ega boʻlishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga, Oʻzbekiston Respublikasi konstitutsiyaviy qonunlariga hamda qonunlariga oʻzgartishlar, qoʻshimchalar va tuzatishlar kiritish toʻgʻrisidagi qonun loyihalari, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarini yoki ularning ayrim normalarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisidagi qonun loyihalari, qoida tariqasida, ularning qabul qilinishi zaruriyati, sabablari va maqsadlariga oid tushuntirishni qamrab olgan, shuningdek ularning mohiyatini va ahamiyatini ochib beruvchi muqaddimaga ega boʻladi.
Huquqiy normalar muqaddimaga kiritilmaydi.
Boʻlimlar, kichik boʻlimlar, boblar va paragraflar sarlavhaga ega boʻladi hamda raqamlanadi.
Qonun loyihasida huquqiy normalar tartib raqamiga ega boʻlgan moddalar koʻrinishida bayon etiladi. Moddalar qismlarga ajratilishi mumkin. Moddalarning qismlari bandlar, kichik bandlar va xatboshilarni qamrab olishi mumkin. Kodekslar va boshqa qonunlar loyihalarining moddalariga, qoida tariqasida, sarlavha qoʻyiladi.
Boʻlimlar, kichik boʻlimlar, boblar, paragraflar, moddalar, shuningdek moddalarning qismlari, bandlari va kichik bandlari loyiha mavzuyi mantiqan rivojlanib borishini taʼminlaydigan tarzda ketma-ket joylashtiriladi.
Qonun loyihasining matniga:
qonun loyihasining yoki uning ayrim qoidalarining kuchga kirish muddati va tartibi toʻgʻrisidagi;
ilgari qabul qilingan qonun hujjatlarini yoki ularning ayrim qoidalarini mazkur Qonun qabul qilinishi munosabati bilan oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisidagi qoidalar kiritilishi mumkin.
Qonun loyihasida nazarda tutilgan havolaki normalarni amalga oshirishning aniq muddatlari va masʼul ijrochilar qonun loyihasining oʻzida belgilanadi.
Qonunlar loyihalarining matnlarida tegishli qonunlar qabul qilinganidan keyin ularning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi oʻrtasida tushuntirilishini tashkil etish uchun masʼul boʻlgan aniq davlat organlari koʻrsatiladi.
