Soliq maslahati toʻgʻrisida (O‘RQ-55-son)
21.09.2006
Hujjat kuchini yo‘qotgan 05.11.2022
Amaldagi tahrirga oʻtish
Oʻzbekiston Respublikasining qonuni
Qonunchilik palatasi tomonidan 2006-yil 29-iyunda qabul qilingan Senat tomonidan 2006-yil 25-avgustda maʼqullangan
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonunning maqsadi soliq maslahati sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
2-modda. Soliq maslahati toʻgʻrisidagi qonunchilik
Soliq maslahati toʻgʻrisidagi qonunchilik ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.
Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida Oʻzbekiston Respublikasining soliq maslahati toʻgʻrisidagi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.
3-modda. Soliq maslahati tushunchasi
Soliq maslahati soliq maslahatchilari tashkilotining yuridik va jismoniy shaxslarga (bundan buyon matnda mijozga (ishonch bildiruvchiga) deb yuritiladi) shartnoma asosida soliq maslahati boʻyicha xizmatlar koʻrsatish borasidagi faoliyatidir.
Quyidagilar soliq maslahati hisoblanmaydi:
oʻz vakolatlarini amalga oshirish doirasida davlat soliq xizmati organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa davlat organlari tomonidan soliq toʻgʻrisidagi qonunchilikni tushuntirish;
soliq solish masalalari boʻyicha advokatlar tomonidan yuridik yordam koʻrsatish;
auditorlik tashkilotlari va boshqa tashkilotlarning soliq solish boʻyicha konsalting hamda boshqa xizmatlari.
4-modda. Soliq maslahatining asosiy prinsiplari
Soliq maslahati qonun ustuvorligi, mustaqillik va maxfiylik prinsiplariga asoslanadi.
5-modda. Soliq maslahati boʻyicha xizmatlar
Soliq maslahati boʻyicha xizmatlar:
mijozga (ishonch bildiruvchiga) soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni hisoblab chiqarish hamda toʻlash masalalari boʻyicha maslahat berishni;
soliq hisobotini tuzishda mijozga (ishonch bildiruvchiga) yordam koʻrsatishni;
soliq solish obyektlari va soliq solish bilan bogʻliq boʻlgan obyektlarni aniqlashni hamda ularning hisobini yuritishni;
sudda, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlarda soliq solish masalalari boʻyicha mijoz (ishonch bildiruvchi) nomidan va uning topshirigʻiga binoan vakillik qilishni oʻz ichiga oladi.
6-modda. Soliq maslahati boʻyicha xizmatlar koʻrsatish toʻgʻrisida shartnoma tuzishning majburiy sharti
Soliq maslahatchilari tashkilotining fuqarolik javobgarligi sugʻurta polisining mavjudligi soliq maslahati boʻyicha xizmatlar koʻrsatish toʻgʻrisida shartnoma tuzishning majburiy shartidir.
61-modda. Soliq maslahati boʻyicha xizmatlar koʻrsatish toʻgʻrisidagi shartnoma
Soliq maslahatiga doir faoliyat soliq maslahatchilari tashkiloti va mijoz (ishonch bildiruvchi) oʻrtasida tuzilgan soliq maslahati boʻyicha xizmatlar koʻrsatish toʻgʻrisidagi shartnoma asosida amalga oshiriladi.
Soliq maslahati boʻyicha xizmatlar koʻrsatish toʻgʻrisidagi shartnomani tuzish, oʻzgartirish va bekor qilish tartibi ushbu Qonun hamda boshqa qonunchilik hujjatlari bilan belgilanadi.
Soliq maslahatchilari tashkiloti mijoz (ishonch bildiruvchi) bilan uning yashash joyi va joylashgan yeridan (pochta manzilidan) qatʼi nazar, soliq maslahati boʻyicha xizmatlar koʻrsatish toʻgʻrisida shartnoma tuzishga haqli.
Soliq maslahati boʻyicha xizmatlar koʻrsatish toʻgʻrisidagi shartnomaning muhim shartlari quyidagilardan iborat:
soliq maslahatining predmeti;
soliq maslahati boʻyicha xizmatlar koʻrsatish muddatlari;
soliq maslahati boʻyicha koʻrsatiladigan xizmatlar uchun toʻlanadigan haqning miqdori, shartlari va muddatlari;
soliq maslahatchilari tashkilotining hamda mijozning (ishonch bildiruvchining) huquq va majburiyatlari;
soliq maslahatchilari tashkilotining fuqarolik javobgarligi sugʻurta polisining mavjudligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
shartnoma boʻyicha majburiyatlarni bajarmaganlik yoki lozim darajada bajarmaganlik uchun, shuningdek uchinchi shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini buzganlik uchun taraflarning javobgarligi.
Soliq maslahati boʻyicha xizmatlar koʻrsatish toʻgʻrisidagi shartnomaga qonunchilikka muvofiq boshqa shartlar ham kiritilishi mumkin.
7-modda. Soliq maslahati sohasidagi vakolatli davlat organi
Soliq maslahati sohasidagi vakolatli davlat organi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Vakolatli davlat organi:
soliq maslahati boʻyicha faoliyatni tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni shu jumladan milliy standartlarni ishlab chiqadi va tasdiqlaydi;
soliq maslahatchisi malaka sertifikatini (bundan buyon matnda malaka sertifikati deb yuritiladi) beradi, uning amal qilishini tugatadi va uni bekor qiladi;
soliq maslahatchilari reyestrini yuritadi;
qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
8-modda. Soliq maslahati boʻyicha kengash
Vakolatli davlat organi huzurida oʻz faoliyatini jamoatchilik asosida amalga oshiruvchi soliq maslahati boʻyicha kengash tuziladi. Soliq maslahati boʻyicha kengash tarkibiga davlat organlarining, nodavlat notijorat tashkilotlarining vakillari, soliq maslahati sohasidagi mutaxassislar kirishi mumkin.
9-modda. Soliq maslahatchilari tashkiloti
Soliq maslahatchilari tashkiloti soliq maslahati boʻyicha xizmatlar koʻrsatuvchi tijorat tashkilotidir.
Soliq maslahatchilari tashkiloti aksiyadorlik jamiyatidan tashqari, istalgan tashkiliy-huquqiy shaklda tashkil etilishi va oʻz faoliyatini amalga oshirishi mumkin.
Soliq maslahatchilari tashkilotining rahbari soliq maslahatchisi boʻlishi kerak.
Soliq maslahatchilari tashkiloti ushbu Qonunning 5-moddasida nazarda tutilgan soliq maslahati boʻyicha xizmatlar bilan bir qatorda:
buxgalteriya hisobini yoʻlga qoʻyish, tiklash va yuritish;
moliyaviy hisobot tuzish;
buxgalteriya hisobi, menejment va moliya-xoʻjalik faoliyatining boshqa masalalari boʻyicha konsalting xizmatlari ham koʻrsatishi mumkin.
10-modda. Soliq maslahatchilari tashkilotini davlat roʻyxatidan oʻtkazish
Soliq maslahatchilari tashkilotini davlat roʻyxatidan oʻtkazish Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va uning hududiy boʻlinmalari tomonidan amalga oshiriladi.
Soliq maslahatchilari tashkilotlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish va ularning davlat reyestrini yuritish tartibi qonunchilik bilan belgilanadi.
11-modda. Soliq maslahatchilari tashkilotining huquqlari
Soliq maslahatchilari tashkiloti quyidagi huquqlarga ega:
mijozdan (ishonch bildiruvchidan) soliq maslahatini amalga oshirish uchun zarur boʻlgan hujjatlarni va boshqa maʼlumotlarni olish;
soliq maslahati berish jarayonida yuzaga kelgan masalalar boʻyicha mijozdan (ishonch bildiruvchidan) ogʻzaki yoki yozma tushuntirishlar olish;
soliq maslahatini amalga oshirish uchun zarur boʻlgan axborot, maʼlumotnomalar, hujjatlar va boshqa materiallarni qonunchilikda belgilangan tartibda muassasalar hamda tashkilotlardan soʻrab olish;
soliq solish masalalari boʻyicha davlat organlariga qonunchilikda belgilangan tartibda murojaat qilish (iltimos qilish, takliflar kiritish, soʻrovlar, arizalar, shikoyatlar berish va boshqa shu kabilar) hamda ulardan javoblar olish;
soliq maslahatida ishtirok etishga boshqa mutaxassislarni mijozning (ishonch bildiruvchining) roziligi bilan shartnoma asosida jalb qilish;
mijoz (ishonch bildiruvchi) soliq maslahatini amalga oshirish uchun zarur boʻlgan hujjatlar va boshqa maʼlumotlarni taqdim etmagan taqdirda, soliq maslahati berishni rad qilish.
soliq toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari bilan tartibga solinadigan munosabatlar ishtirokchilarining vakili sifatida davlat soliq xizmati organlarida, shuningdek soliqqa oid nizoni sudgacha hal qilish davomida va sudda qonunchilikda belgilangan tartibda ish olib borish;
soliq tekshiruvlari oʻtkazish vaqtida soliq maslahati boʻyicha xizmatlar koʻrsatish.
Soliq maslahatchilari tashkiloti qonunchilikka va soliq maslahati boʻyicha xizmatlar koʻrsatish toʻgʻrisidagi shartnomaga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
12-modda. Soliq maslahatchilari tashkilotining majburiyatlari
Soliq maslahatchilari tashkiloti:
mijozning (ishonch bildiruvchining) huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishning qonunchilikda nazarda tutilgan usullari hamda vositalaridan foydalanishi;
soliq maslahatini amalga oshirayotganda olingan axborotning maxfiyligiga rioya etishi;
soliq maslahati boʻyicha xizmatlar koʻrsatish toʻgʻrisida shartnoma tuzilayotganda mijozning (ishonch bildiruvchining) talabiga binoan malaka sertifikatini koʻrsatishi;
mijozga (ishonch bildiruvchiga) uning mansabdor shaxslari va boshqa xodimlari tomonidan zarar yetkazilganligi haqida dalolat beruvchi faktlar, shuningdek qonunchilikning buzilganligi aniqlangan taqdirda, bu haqda mijozga (ishonch bildiruvchiga) maʼlum qilishi;
vakolatli davlat organi tomonidan belgilangan tartibda soliq maslahati boʻyicha faoliyatni amalga oshiruvchi soliq maslahatchilari toʻgʻrisida va soliq maslahatchilarining malaka oshirishdan oʻtishi haqida axborot taqdim etishi;
soliq maslahatchilari ishining sifatini ichki nazorat qilish qoidalarini belgilashi va unga amal qilishi shart. Soliq maslahatchilari ishining sifatini ichki nazorat qilishni tashkil etishga doir talablar milliy standartlar bilan belgilanadi.
Soliq maslahatchilari tashkilotining zimmasida qonunchilikka va soliq maslahati boʻyicha xizmatlar koʻrsatish toʻgʻrisidagi shartnomaga muvofiq boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
13-modda. Soliq maslahati boʻyicha hisobot va soliq maslahatchilari tashkilotining xulosasi
Soliq maslahati boʻyicha xizmatlar koʻrsatuvchi soliq maslahatchilari tashkiloti mijozga (ishonch bildiruvchiga) soliq maslahati boʻyicha hisobotni va soliq maslahatchilari tashkilotining xulosasini milliy standartlarda belgilangan tartibda taqdim etadi.
Soliq maslahati boʻyicha hisobot soliq maslahati boʻyicha xizmatlar koʻrsatish toʻgʻrisidagi shartnomada koʻrsatilgan soliq maslahati predmeti haqidagi axborotni oʻz ichiga oladi.
Soliq maslahati boʻyicha hisobotdagi axborot maxfiydir va u oshkor qilinishi mumkin emas.
Soliq maslahati boʻyicha hisobotning har bir sahifasi soliq maslahatini amalga oshirgan soliq maslahatchisi tomonidan imzolanadi, hisobot soliq maslahatchilari tashkiloti rahbarining imzosi va mazkur tashkilotning muhri bilan (muhr mavjud boʻlgan taqdirda) tasdiqlanadi.
Soliq maslahatchilari tashkilotining xulosasi — soliq maslahatchilari tashkilotining soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni hisoblab chiqarish, toʻlash, soliq solish bilan bogʻliq boʻlgan obyektlarni aniqlash va hisobini yuritish toʻgʻrisidagi fikrini oʻz ichiga oluvchi yozma shaklda ifodalangan hujjatdir.
Soliq maslahatchilari tashkilotining xulosasi soliq maslahati boʻyicha hisobot asosida tuziladi.
Soliq maslahatchilari tashkilotining xulosasi soliq maslahatchisi (soliq maslahatchilari), soliq maslahatchilari tashkilotining rahbari tomonidan imzolanishi va mazkur tashkilotning muhri bilan (muhr mavjud boʻlgan taqdirda) tasdiqlanishi kerak.
14-modda. Soliq maslahatchisi
Malaka sertifikatini olgan jismoniy shaxs soliq maslahatchisidir.
Soliq maslahatchisi, agar u soliq maslahatchilari tashkilotining shtatida turgan boʻlsa yoki soliq maslahatchilari tashkiloti u bilan fuqarolik-huquqiy xarakterdagi shartnoma tuzgan boʻlsa, soliq maslahatiga jalb etilishi mumkin.
Soliq maslahatchisi vakolatli davlat organi belgilagan tartibda oʻz malakasini oshirishi shart.
15-modda. Malaka sertifikati
Soliq maslahati boʻyicha faoliyatni amalga oshirish huquqi qonunchilikda belgilangan tartibda jismoniy shaxsga beriladigan malaka sertifikati bilan tasdiqlanadi.
Malaka sertifikati cheklanmagan muddatga beriladi va Oʻzbekiston Respublikasining butun hududida haqiqiydir.
16-modda. Malaka talablari
Malaka sertifikatini olishga quyidagi talablarga javob beradigan:
oliy maʼlumotga ega boʻlgan;
soliq maslahatchilarini tayyorlash boʻyicha maxsus oʻquv kursini oʻtagan;
oliy taʼlim muassasasini tamomlaganidan keyin kamida besh yillik, shu jumladan iqtisodiy yoki yuridik mutaxassislik boʻyicha kamida ikki yillik ish stajiga ega boʻlgan shaxs talabgor boʻlishi mumkin.
Soliq maslahatchilarini tayyorlash va ularning malakasini oshirish boʻyicha maxsus oʻquv kursini belgilangan tartibda akkreditatsiya qilingan davlat va nodavlat taʼlim muassasalari vakolatli davlat organi tomonidan tasdiqlangan oʻquv dasturi asosida amalga oshiradi.
Malaka talablariga javob beradigan shaxs malaka imtihoni topshirishga ruxsat berish toʻgʻrisidagi ariza bilan vakolatli davlat organiga murojaat qilish huquqiga ega.
Malaka imtihonini tashkil etish va oʻtkazish tartibi vakolatli davlat organi tomonidan tasdiqlanadigan nizomda belgilanadi.
17-modda. Malaka sertifikatining amal qilishini tugatish
Malaka sertifikatining amal qilishini tugatish uchun quyidagilar asos boʻladi:
soliq maslahatchisining arizasi;
soliq maslahatchisi tomonidan soliq maslahati berish davomida olingan maʼlumotlar mijozning (ishonch bildiruvchining) yozma ruxsatisiz uchinchi shaxslarga taqdim etilganligi;
soliq maslahatini amalga oshirishda bir yil ichida ikki marta qonunchilikni buzish sodir etilganligi;
soliq maslahati boʻyicha faoliyatda uch yil mobaynida ishtirok etmaganligi, shuningdek malaka oshirishni belgilangan tartibda oʻtamaganligi;
malaka sertifikatini soliq maslahatida ishtirok etish uchun foydalanish maqsadida boshqa jismoniy shaxsga berilganligi faktining aniqlanganligi;
muayyan lavozimlarni egallash yoki moliya-xoʻjalik sohasida muayyan faoliyat bilan shugʻullanish huquqidan mahrum etish tarzidagi jazoni nazarda tutuvchi sud hukmining qonuniy kuchga kirganligi;
fuqaroni belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topish toʻgʻrisidagi sud qarorining qonuniy kuchga kirganligi.
Malaka sertifikatining amal qilishi uni tugatish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan sanadan eʼtiboran tugatiladi.
Ushbu modda birinchi qismining uchinchi, toʻrtinchi va oltinchi xatboshilarida nazarda tutilgan asoslar boʻyicha malaka sertifikatining amal qilishi tugatilgan shaxs malaka sertifikatining amal qilishini tugatish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran uch yil ichida vakolatli davlat organiga malaka sertifikati olish toʻgʻrisidagi ariza bilan murojaat qilishga haqli emas.
Vakolatli davlat organining malaka sertifikatining amal qilishini tugatish toʻgʻrisidagi qarori ustidan qonunchilikda belgilangan tartibda sudga shikoyat qilinishi mumkin.
18-modda. Malaka sertifikatini bekor qilish
Malaka sertifikatini bekor qilish uchun quyidagilar asos boʻladi:
vakolatli davlat organining malaka sertifikatini berish toʻgʻrisidagi qarorining noqonuniyligi aniqlanganligi;
malaka sertifikatining soxta hujjatlardan foydalanilgan holda olinganligi fakti aniqlanganligi.
Malaka sertifikatini bekor qilish toʻgʻrisidagi qaror malaka sertifikati berilgan sanadan eʼtiboran amal qiladi.
Ushbu modda birinchi qismining uchinchi xatboshisida nazarda tutilgan asoslar boʻyicha malaka sertifikati bekor qilingan shaxs malaka sertifikati bekor qilinganligi toʻgʻrisida qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran uch yil ichida vakolatli davlat organiga malaka sertifikati olish toʻgʻrisidagi ariza bilan murojaat qilishga haqli emas.
Vakolatli davlat organining malaka sertifikatini bekor qilish toʻgʻrisidagi qarori ustidan qonunchilikda belgilangan tartibda sudga shikoyat qilinishi mumkin.
19-modda. Soliq maslahatchisining yordamchisi
Malaka sertifikatiga ega boʻlmagan va soliq maslahatchisining soliq maslahati bilan bogʻliq topshiriqlarini soliq maslahati boʻyicha hisobotga imzo qoʻyish huquqisiz bajaruvchi jismoniy shaxs soliq maslahatchisining yordamchisi boʻlishi mumkin.
Soliq maslahatchisi yordamchisining mehnat sharoitlari qonunchilikda oʻrnatilgan tartibda soliq maslahatchilari tashkiloti bilan tuzilgan mehnat shartnomasida belgilanadi.
Soliq maslahatchisining yordamchisi sifatida ishlangan vaqt malaka sertifikati olish uchun zarur boʻlgan ish stajiga qoʻshiladi.
20-modda. Soliq maslahati boʻyicha faoliyatning kafolatlari
Uchinchi shaxslarning soliq maslahatchilari tashkilotlarining faoliyatiga aralashishi, ulardan professional xizmatlar koʻrsatish vaqtida olingan biron-bir maʼlumotni talab qilishi, shuningdek bunday maʼlumotlarni soliq maslahatchilaridan, soliq maslahatchilarining yordamchilaridan va soliq maslahati boʻyicha xizmatlar koʻrsatish jarayonida ishtirok etayotgan boshqa shaxslardan talab qilishi taqiqlanadi.
Soliq maslahatini amalga oshirayotgan shaxslardan ular soliq maslahati boʻyicha vazifalarini bajarishlari bilan bogʻliq holda tayyorlagan hujjatlarning olib qoʻyilishi yoki koʻzdan kechirilishi mumkin emas.
Soliq maslahatchisi va uning yordamchisi professional vazifalarini bajarishlari munosabati bilan oʻzlariga maʼlum boʻlgan holatlar toʻgʻrisida guvoh sifatida soʻroq qilinishi mumkin emas.
Soliq maslahatchilari va ularning yordamchilari sud, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlar tomonidan ekspertlar hamda mutaxassislar sifatida, shuningdek tekshiruvlarni amalga oshirishga jalb etilishi mumkin emas.
Davlat hokimiyati va boshqaruv organlarida xizmat qiluvchi shaxslar soliq maslahatiga jalb etilishi mumkin emas.
Soliq maslahatchilari tashkiloti davlat hokimiyati va boshqaruv organlari, shuningdek xoʻjalik boshqaruvi organlari tomonidan tashkil etilishi mumkin emas.
Davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining mansabdor shaxslari, shuningdek qonunchilikka muvofiq tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanishi taqiqlangan boshqa shaxslar soliq maslahatchilari tashkilotining muassislari boʻlishi mumkin emas.
21-modda. Soliq maslahatchilarining birlashmasi
Soliq maslahatchilari va (yoki) soliq maslahatchilarining tashkilotlari umumiy manfaatlarni ifoda etish va himoya qilish maqsadida qonunchilikda belgilangan tartibda soliq maslahatchilari birlashmasini tashkil etish huquqiga ega.
22-modda. Nizolarni hal etish
Soliq maslahati sohasidagi nizolar qonunchilikda belgilangan tartibda hal etiladi.
23-modda. Soliq maslahati boʻyicha javobgarlik
Soliq maslahatchilari tashkiloti soliq maslahati boʻyicha xizmatlar koʻrsatish toʻgʻrisidagi shartnomani bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi oqibatida mijozga (ishonch bildiruvchiga) zarar yetkazganligi uchun javobgar boʻladi. Mijozga (ishonch bildiruvchiga) yetkazilgan zararlarning, shu jumladan boy berilgan foydaning oʻrni qonunchilikda belgilangan tartibda qoplanishi kerak.
Soliq maslahatchisi ishni sifatsiz bajarganligi, tijorat sirini oshkor etganligi natijasida yetkazilgan ziyon va soliq maslahatchilari tashkiloti zarar koʻrishiga olib kelgan boshqa xatti-harakatlar uchun qonunchilikka muvofiq soliq maslahatchilari tashkiloti oldida javobgar boʻladi.
24-modda. Soliq maslahati toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik
Soliq maslahati toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
25-modda. Qonunchilikni ushbu Qonunga muvofiqlashtirish
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin.
26-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi
Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2006-yil 21-sentabr,
OʻRQ— 55-son
