4-modda. Firma nomida koʻrsatilishi lozim boʻlmagan belgilar
Firma nomlari toʻgʻrisida (O‘RQ-51-son) · Sana: 18.09.2006 · Amalda
Firma nomida:
1) davlatning rasmiy nomi, xalqaro, hukumatlararo yoki nodavlat notijorat tashkilotining qisqartirilgan yoki toʻliq nomi;
2) tarixiy yoki Oʻzbekiston Respublikasida mashhur boʻlgan shaxsning toʻliq yoki qisqartirilgan ismi, belgilangan tartibda beriladigan ruxsatsiz;
3) firma nomining egasi, uning faoliyat turi yoki u kelib chiqqan mamlakat xususidagi soxta yoki isteʼmolchini chalgʻitishi mumkin boʻlgan belgilar;
4) jamiyat manfaatlariga, insonparvarlik va axloq prinsiplariga zid boʻlgan belgilar koʻrsatilmasligi kerak.
Firma nomida:
ilgari Oʻzbekiston Respublikasida boshqa yuridik shaxs nomiga roʻyxatdan oʻtkazilgan yoki roʻyxatdan oʻtkazish soʻrab talabnoma berilgan, ilgariroq ustuvorlikka ega boʻlgan firma nomlari;
ilgari Oʻzbekiston Respublikasida boshqa shaxs nomiga roʻyxatdan oʻtkazilgan yoki roʻyxatdan oʻtkazish soʻrab talabnoma berilgan, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq roʻyxatdan oʻtkazilmay muhofaza qilinadigan tovar belgilari (xizmat koʻrsatish belgilari);
belgilangan tartibda hammaga maʼlum deb eʼtirof etilgan tovar belgilari (xizmat koʻrsatish belgilari);
belgilangan tartibda qonunchilik bilan muhofaza qilinadigan geografik koʻrsatkichlar va tovar kelib chiqqan joyning nomlari bilan, shunday koʻrsatkichdan yoki nomdan foydalanish huquqiga ega boʻlgan shaxs nomiga roʻyxatdan oʻtkazish hollari bundan mustasno, adashtirib yuborish darajasida bir xil yoki ularga oʻxshash boʻlgan belgilar ham koʻrsatilmasligi kerak.
Ushbu modda birinchi qismining 1-bandida koʻrsatib oʻtilgan belgilar, agar bunga tegishli davlat organining yoki tashkilotning ruxsati boʻlsa, firma nomiga kiritilishi mumkin.
