12-modda. Firma nomiga boʻlgan huquqni himoya qilish usullari
Firma nomlari toʻgʻrisida (O‘RQ-51-son) · Sana: 18.09.2006 · Amalda
Firma nomiga boʻlgan mutlaq huquqni undan noqonuniy foydalanishdan himoya qilish:
yuridik shaxsning ishchanlik obroʻsini himoya qilish maqsadida sud qarori toʻgʻrisida ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilish;
noqonuniy foydalanilgan firma nomini kontrafakt tovarlar, yorliqlar, idishlar va oʻrovlardan huquqbuzar hisobidan olib tashlash;
noqonuniy foydalanilgan firma nomini kontrafakt tovarlar, yorliqlar, idishlar va oʻrovlardan olib tashlash mumkin boʻlmagan taqdirda, ularni huquqbuzar hisobidan yoʻq qilib tashlash;
zararlarning oʻrnini qoplash;
zararlarning qoplanishi oʻrniga bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan ming baravarigacha miqdorda tovon toʻlash;
kontrafakt tovarlar, yorliqlar, idishlar va oʻrovlarni firma nomiga boʻlgan huquqqa egalik qiluvchi yuridik shaxsga berish orqali amalga oshiriladi.
Ushbu modda birinchi qismining oltinchi xatboshisida nazarda tutilgan tovon zararlar yetkazilishi faktidan qatʼi nazar, huquqbuzarlikning xususiyatidan va huquqbuzarning aybi darajasidan kelib chiqib, ish muomalasi odatlari hisobga olingan holda toʻlanadi. Tovon miqdori taraflarning kelishuviga muvofiq yoki sud tomonidan belgilanadi.
Firma nomiga boʻlgan mutlaq huquqni undan noqonuniy foydalanishdan himoya qilish qonunchilikka muvofiq boshqacha usullar bilan ham amalga oshirilishi mumkin.
