56-modda. Ushbu Qonunda qoʻllanilgan ayrim atamalarning talqini
“Prokuratura toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (257-II-son) · Sana: 29.08.2001 · Amalda
“Fuqarolar” degan atama zamirida Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolarini, chet el fuqarolarini va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarni tushunish kerak.
“Prokuratura organlari xodimlari” degan atama zamirida darajali unvonlarga (harbiy unvonlarga) ega boʻlgan prokuratura organlari va muassasalarining barcha xodimlarini, shuningdek prokuratura ish oʻrganuvchilarini tushunish kerak.
5, 6-moddalardagi, 7-moddaning ikkinchi qismidagi, 22, 23, 25, 26-moddalardagi, 31-moddaning ikkinchi, beshinchi, oltinchi, yettinchi xatboshilaridagi , 33-moddadagi, 43-moddaning birinchi qismidagi hamda 44-moddaning birinchi qismidagi “prokuror” degan atama zamirida oʻz vakolatlari doirasida ish olib borayotgan Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori, quyi turuvchi barcha prokurorlar, ularning oʻrinbosarlari, bosh boshqarmalar, boshqarmalar va boʻlimlarning boshliqlari, ularning oʻrinbosarlari, bosh boshqarmalar, boshqarmalar va boʻlimlarning katta yordamchilari, yordamchilari, katta prokurorlari va prokurorlarini tushunish kerak.
28-modda birinchi qismining ikkinchi, uchinchi, toʻrtinchi, beshinchi, oltinchi, yettinchi, toʻqqizinchi va oʻn uchinchi xatboshilaridagi, ikkinchi qismidagi “prokuror” degan atama zamirida oʻz vakolatlari doirasida ish olib borayotgan Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori, quyi turuvchi barcha prokurorlar, ularning oʻrinbosarlari, bosh boshqarmalar, boshqarmalar va boʻlimlarning boshliqlarini tushunish kerak.
1-moddadagi, 7-moddaning toʻrtinchi qismidagi, 8-moddaning ikkinchi qismidagi, 28-modda birinchi qismining oʻninchi, oʻn birinchi, oʻn ikkinchi, oʻn toʻrtinchi, oʻn beshinchi va oʻn oltinchi xatboshilaridagi, 29-moddaning ikkinchi qismidagi, 31-moddaning uchinchi, toʻrtinchi va sakkizinchi xatboshilaridagi, 34, 35, 36, 38, 39, 40, 41, 42-moddalardagi “prokuror” degan atama zamirida oʻz vakolatlari doirasida ish olib borayotgan Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori, Qoraqalpogʻiston Respublikasi prokurori, viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlar, shaharlar prokurorlari va ularga tenglashtirilgan prokurorlar, shuningdek ularning oʻrinbosarlarini tushunish kerak.
28-modda birinchi qismining sakkizinchi xatboshisidagi “prokuror” degan atama zamirida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori va uning oʻrinbosarlarini, viloyatlar, Toshkent shahri prokurorlarini va ularga tenglashtirilgan prokurorlarni tushunish kerak.
