38-modda. Protest
“Prokuratura toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (257-II-son) · Sana: 29.08.2001 · Amalda
Qonunga zid boʻlgan hujjatga nisbatan protestni prokuror ana shu hujjatni qabul qilgan organga yoki yuqori turuvchi organga keltiradi. Mansabdor shaxsning noqonuniy qaroriga nisbatan ham xuddi shunday tartibda protest keltiriladi.
Protest kelib tushgan vaqtdan boshlab oʻn kunlik muddatdan kechiktirmay koʻrib chiqilishi shart. Qonunbuzarlikni darhol bartaraf etish talab qilingan alohida hollarda prokuror protestni koʻrib chiqishning qisqartirilgan muddatini belgilashga haqli. Protestni koʻrib chiqish natijalari toʻgʻrisida uch kunlik muddat ichida prokurorga yozma ravishda maʼlum qilinadi.
Protest kollegial organ tomonidan koʻrib chiqiladigan hollarda majlis kuni haqida prokurorga maʼlum qilinadi va u majlisda ishtirok etishga haqlidir.
Protest shu hujjatni qabul qilgan organ (mansabdor shaxs) yoki yuqori turuvchi organ (mansabdor shaxs) tomonidan rad etilganda, shuningdek protest qonunda belgilangan muddat ichida koʻrib chiqilmagan taqdirda, prokuror ana shu hujjatni gʻayriqonuniy deb eʼtirof etish toʻgʻrisidagi ariza bilan sudga murojaat etishga haqli. Sudga ariza protest rad etilganligi toʻgʻrisidagi xabar olingan paytdan boshlab yoki protestni koʻrib chiqish uchun qonunda belgilangan muddat oʻtganidan keyin bir oylik muddat ichida berilishi mumkin.
Prokuror tomonidan sudga ariza berilishi protest keltirilgan hujjatning amal qilishini ariza sudda koʻrib chiqilgunga qadar toʻxtatib qoʻyadi.
