33-modda. Sudlarda ishlarni koʻrishda prokurorning ishtiroki
“Prokuratura toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (257-II-son) · Sana: 29.08.2001 · Amalda
Fuqarolarning, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning huquqlari hamda qonuniy manfaatlari sud yoʻli bilan samarali himoya qilinishini taʼminlash maqsadida barcha instansiya sudlarida ishlar koʻrilayotganda prokuror qonunda belgilangan tartibda ishtirok etadi.
Prokuror sudlarda jinoyat ishlari koʻrilayotganda davlat ayblovini quvvatlaydi.
Prokuror sudda dalillarni tekshirishda ishtirok etadi, qonunning qoʻllanishi xususida oʻz fikrini bildiradi.
Ishlar sudlarda koʻrilayotganda ishtirok etayotgan prokurorning vakolatlari protsessual qonunlar bilan belgilanadi.
Prokuror sud protsessining boshqa ishtirokchilari bilan teng huquqlardan foydalanib, sudyalarning mustaqilligi hamda protsessual qonunchilik normalariga qatʼiy rioya etish prinsipiga amal qilishi shart.
