28-modda. Prokurorning vakolatlari
“Prokuratura toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (257-II-son) · Sana: 29.08.2001 · Amalda
Qonunlarning jinoyatchilikka qarshi kurashishni amalga oshiruvchi organlar tomonidan ijro etilishi ustidan nazorat qilish jarayonida prokuror oʻz vakolatlari doirasida:
surishtiruv va dastlabki tergov organlaridan, shuningdek tergovga qadar tekshiruvni yoki tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlardan jinoyat ishlarini, tergovga qadar tekshiruv, tezkor-qidiruv faoliyati, surishtiruv va dastlabki tergov hujjatlari va materiallarini hamda boshqa maʼlumotlarni tekshirish uchun talab qiladi;
sodir etilgan yoki tayyorlanayotgan jinoyatlar haqidagi arizalar va xabarlarni qabul qilish, roʻyxatdan oʻtkazish hamda hal etish toʻgʻrisidagi qonun talablarining ijrosini har oyda kamida bir marta tekshiradi;
tergovchilar va surishtiruvchilarning, shuningdek tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organ mansabdor shaxsining qonunga xilof hamda asossiz qarorlarini bekor qiladi;
jinoyatlarni tergov qilish, ehtiyot chorasini tanlash, oʻzgartirish yoki bekor qilish, jinoyat tavsifini belgilash, ayblanuvchi tariqasida ishda ishtirok etishga jalb qilish, ayrim tergov harakatlarini bajarish va jinoyat sodir etib yashiringan shaxslarni qidirish toʻgʻrisida yozma koʻrsatmalar beradi;
tergovga qadar tekshiruvni yoki tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlarga ushlash, majburiy keltirish, qidirish, tintuv oʻtkazish, olib qoʻyish toʻgʻrisidagi qarorlarni va sudning qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qoʻllash haqidagi ajrimini ijro etishni, boshqa tergov harakatlarini, shu jumladan prokurorning yoki prokuratura tergovchisining ish yurituvida boʻlgan ishlar yuzasidan tergov harakatlarini bajarishni topshiradi, jinoyatlarni ochish va jinoyat sodir etgan shaxslarni topish uchun zarur choralar koʻrish toʻgʻrisida koʻrsatmalar beradi;
surishtiruvda, dastlabki tergovda ishtirok etadi hamda zarur hollarda, jinoyat-protsessual qonunga muvofiq har qanday ish boʻyicha ayrim tergov harakatlarini shaxsan bajaradi yoki tergovni toʻla hajmda amalga oshiradi;
surishtiruv, dastlabki tergov muddatini uzaytiradi, ehtiyot chorasi sifatida qamoqda saqlash yoki uy qamogʻi va ayblanuvchining tibbiy muassasada boʻlishi muddatini uzaytirish toʻgʻrisida sudga iltimosnoma kiritadi;
jinoyat ishlarini surishtiruv va dastlabki tergov organlariga qoʻshimcha tergov oʻtkazish toʻgʻrisidagi oʻz koʻrsatmalari bilan qaytaradi;
