25-modda. Prokurorning vakolatlari
“Prokuratura toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (257-II-son) · Sana: 29.08.2001 · Amalda
Prokuror oʻz zimmasiga yuklangan vazifalarni bajara borib:
fuqaroning huquq va erkinliklari buzilganligi toʻgʻrisidagi arizalar, shikoyatlar hamda boshqa maʼlumotlarni koʻrib chiqadi va tekshiradi;
arizachilarga ularning huquq va erkinliklarini himoya qilish tartibini tushuntiradi;
fuqaroning huquq va erkinliklari buzilishining oldini olish va bartaraf etish, qonunni buzgan shaxslarni javobgarlikka tortish hamda yetkazilgan zararni qoplash chora-tadbirlarini koʻradi;
ushbu Qonunning 22-moddasida nazarda tutilgan vakolatlardan foydalanadi.
Fuqaroning huquq va erkinliklarining buzilishini jinoiy xususiyatga ega deb bilish uchun asoslar mavjud boʻlgan taqdirda prokuror jinoyat ishi qoʻzgʻatadi hamda uni sodir etgan shaxslar qonunga binoan jinoiy javobgarlikka tortilishiga doir choralarni koʻradi.
Fuqaroning huquq va erkinliklarining buzilishi maʼmuriy huquqbuzarlik xususiyatiga ega boʻlgan hollarda prokuror maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisida ish qoʻzgʻatadi yoki zudlik bilan huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi maʼlumotni va tekshiruv materiallarini maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrib chiqish vakolatiga ega boʻlgan organga yoki mansabdor shaxsga beradi.
