Oʻzbekiston elektr energetika, neft-gazni qayta ishlash, kimyo va ogʻir sanoat davlat loyiha instituti faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida (116-son)
13.06.2006
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston elektr energetika, neft-gazni qayta ishlash, kimyo va ogʻir sanoat davlat loyiha institutini tashkil etish toʻgʻrisida” 2006-yil 13-iyundagi PQ-377-son qarorini bajarish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi bir oy muddatda Oʻzbekiston elektr energetika, neft-gazni qayta ishlash, kimyo va ogʻir sanoat davlat loyiha instituti (“Oʻzogʻirneftgazkimyoloyiha” instituti) ustavini tasdiqlasin va uning davlat roʻyxatidan oʻtkazilishini taʼminlasin.
2. “Oʻzogʻirneftgazkimyoloyiha” instituti Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligi bilan kelishgan holda:
ikki hafta muddatda Institutning shtat jadvalini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda tasdiqlasin;
bir oy muddatda budjet mablagʻlari hisobiga 2006-yil uchun daromadlar va xarajatlar smetasini ishlab chiqsin va tasdiqlasin, unda “Oʻzogʻirneftgazkimyoloyiha” institutini taʼminlash, shuningdek, ajratilgan binoni mukammal taʼmirlash, zarur asbob-uskunalar, inventarlar, kompyuter texnikasi, transport vositalari sotib olish, Internet tarmogʻiga ulash, davriy va maxsus nashrlarga obuna boʻlish, ilmiy-texnika adabiyotlari kutubxonasi fondini shakllantirish uchun zarur mablagʻlarni nazarda tutsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:
“Oʻzogʻirneftgazkimyoloyiha” institutiga uchta yengil avtomobil saqlashga limitlar ajratsin;
“Oʻzogʻirneftgazkimyoloyiha” instituti taʼminoti uchun davlat budjetidan har yili, belgilangan tartibda mablagʻlar ajratilishini nazarda tutsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi “Davarxitektqurilish” qoʻmitasi bilan birgalikda qisqa muddatlarda institutni uning oldiga qoʻyilgan vazifalardan kelib chiqqan holda yuqori malakali mutaxassislar bilan taʼminlash boʻyicha tashkiliy tadbirlarni amalga oshirsin.
5. Oʻzbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi belgilangan tartibda, ikki oy muddatda “Oʻzogʻirneftgazkimyoloyiha” institutini zarur aloqa turlari va vositalari, shu jumladan Hukumat aloqasi bilan, shuningdek, Internet tarmogʻiga ulashni taʼminlasin.
6. “Oʻzogʻirneftgazkimyoloyiha” instituti Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Oliy Majlis palatalari materiallari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari, vazirliklar va idoralarning normativ hamda yoʻriqnoma hujjatlari, statistika axborotlari majburiy tartibda yuboriladigan tashkilotlar roʻyxatiga kiritilsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi “Davarxitektqurilish” qoʻmitasi bir oy muddatda “Oʻzogʻirneftgazkimyoloyiha” institutini unga yuklangan vazifalarni amalga oshirish uchun barcha zarur hujjatlar bilan taʼminlasin.
8. “Oʻzogʻirneftgazkimyoloyiha” instituti Toshkent shahar, Pushkin koʻchasi, 66-uyga joylashtirilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi Toshkent shahar hokimligi bilan birgalikda bir hafta muddatda koʻrsatib oʻtilgan binoni belgilangan tartibda “Oʻzogʻirneftgazkimyoloyiha” institutiga bepul berishni amalga oshirsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
10. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari R.S.Azimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2006-yil 13-iyun,
116-son
