6-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish sohasidagi vakolatlari
Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish toʻgʻrisida (269-II-son) · Sana: 30.08.2001 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlarini amalga oshiradi;
madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish, asrash, targʻib qilish va ulardan foydalanish davlat dasturlarini tasdiqlaydi;
Moddiy madaniy meros obyektlarining davlat kadastrini va Nomoddiy madaniy meros obyektlarining roʻyxatini yuritish tartibini belgilaydi;
madaniy meros obyektlarining muhofaza qilinishi, asralishi va ulardan foydalanilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirish tartibini belgilaydi;
respublika ahamiyatidagi moddiy madaniy meros obyektlarining, shu jumladan Umumjahon madaniy merosi roʻyxatiga kiritilgan obyektlarning hududlari va muhofaza tegralaridan foydalanish tartibotlarini tasdiqlaydi;
tarixiy-madaniy qoʻriqxonalarni, muzey-qoʻriqxonalarni va tarixiy manzilgohlarni tuzish tartibi va saqlash tartibotini belgilaydi;
madaniy meros obyektlarini tarixiy-madaniy ekspertizadan oʻtkazish tartibini belgilaydi;
qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
