33-modda. Tarixiy manzilgohda shaharsozlik, xoʻjalik faoliyati va boshqa faoliyatni tartibga solishning oʻziga xos jihatlari
Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish toʻgʻrisida (269-II-son) · Sana: 30.08.2001 · Amalda
Tarixiy manzilgoh hududi doirasida shaharsozlik, xoʻjalik faoliyati va boshqa faoliyat moddiy madaniy meros obyektlari va mazkur manzilgohning boshqa qimmatli xususiyatlarini saqlab qolish sharti bilan amalga oshirilmogʻi lozim.
Moddiy madaniy meros obyektlarini, shuningdek tarixiy-madaniy yoki tabiiy qimmatga ega boʻlgan boshqa obyektlarni saqlab qolish maqsadida tarixiy manzilgohlarda qonunchilikka muvofiq shaharsozlik faoliyatini tartibga solishning alohida tartibi belgilab qoʻyiladi.
Tarixiy manzilgohlarda shaharsozlik faoliyatini tartibga solishning alohida tartibi madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish sohasidagi davlat boshqaruvini amalga oshiruvchi tegishli organning hamda arxitektura-shaharsozlik faoliyatini tartibga solish sohasidagi respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining nazorati ostida oʻtkaziladigan moddiy madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish boʻyicha izchil va oʻzaro bogʻliq tadbirlar tizimidan iborat. Alohida tartib tarixiy-meʼmoriy, tarixiy-shaharsozlik, arxiv va arxeologiya tadqiqotlari asosida tarixiy manzilgoh hududi chegaralarida tarixiy-madaniy qimmatga ega boʻlgan yer uchastkalarida joylashgan, ham saqlanib qolgan, ham yoʻqotilgan mazkur tarixiy manzilgohning rivojlanish bosqichlarini koʻrsatuvchi barcha shaharsozlik elementlari va inshootlarini asoslagan holda tarixiy-madaniy tayanch rejasini tuzishni, binolar hamda inshootlarning oʻlchamlari va nisbatlariga, avtomobillar turadigan joylarni, reklamalar va lavhalarni joylashtirishni taqiqlash va cheklashlarga hamda moddiy madaniy meros obyektlarini saqlash uchun zarur boʻlgan boshqa cheklashlarga taalluqli shaharsozlik reglamentini oʻz ichiga oladi.
