30-modda. Tarixiy-madaniy qoʻriqxonalar
Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish toʻgʻrisida (269-II-son) · Sana: 30.08.2001 · Amalda
Diqqatga sazovor joy yoki uning bir qismi hamda shu tegrada joylashgan yodgorliklar va ansambllar birgalikda tarixiy-madaniy qoʻriqxona hisoblanib, unda alohida tartibot oʻrnatiladi. Bu tartibot moddiy madaniy meros obyektlari tevarak atrofidagi tarixiy muhit bilan birga asralishini, tarixiy-madaniy qoʻriqxona hududining yaxlitligini, shuningdek mazkur hudud chegaralarida qurilish va xoʻjalik faoliyati tartibga solib turilishini taʼminlaydi.
Tarixiy-madaniy qoʻriqxona va u bilan bogʻliq tabiiy landshaft tarkibiga kiruvchi moddiy madaniy meros obyektlarida muzeylar yaratilsa, shuningdek tarixiy-madaniy qoʻriqxona hududida ilgari udum boʻlgan anʼanaviy xoʻjalik faoliyatini va boshqa faoliyatni tiklash zarurati tugʻilsa, mazkur tarixiy-madaniy qoʻriqxona muzey-qoʻriqxona deb hisoblanadi.
