3-modda. Asosiy tushunchalar
Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish toʻgʻrisida (269-II-son) · Sana: 30.08.2001 · Amalda
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
ansambllar — tarixan tarkib topgan hududda aniq koʻzga tashlanadigan, atrof manzarasi bilan umumiyligi yoki aloqadorligi tarixiy, arxeologik, meʼmoriy, estetik yoki ijtimoiy-madaniy qimmatga ega boʻlgan, ijtimoiy, maʼmuriy, diniy, ilmiy, oʻquv-taʼlim, istehkom, saroy, turarjoy, savdo, ishlab chiqarish va boshqa ahamiyatga molik hamda rassomlik, haykaltaroshlik, amaliy bezak sanʼati, meʼmorchilik asarlari bilan bogʻliqlikda alohida yoki oʻzaro birgalikda turgan yodgorliklar, imoratlar va inshootlar guruhlari, shuningdek tarixiy tarhlarning hamda manzilgohlar imoratlarining qoldiqlari, landshaft arxitekturasi va bogʻ-rogʻ sanʼati asarlari (bogʻlar, istirohat bogʻlari, xiyobonlar, sayilgohlar);
diqqatga sazovor joylar — inson va tabiat ijodining mushtarak mahsuli, shuningdek tarixiy, arxeologik, shaharsozlik, estetik, etnologik yoki antropologik qimmatga ega boʻlgan hududlar, shu jumladan xalq hunarmandchiligi maskanlari, tarixiy manzilgohlar yoki shaharsozlik tarhi markazlari va tarixiy (shu jumladan harbiy) voqealar, yodgorliklar, atoqli tarixiy shaxslarning hayoti bilan bogʻliq boʻlgan imoratlar, xotira joylari, tabiiy landshaftlar, shuningdek koʻhna shaharlar, shahristonlar, manzilgohlar, qarorgohlar imoratlarining madaniy qatlamlari, qoldiqlari, marosimlar bajo etiladigan joylar;
yodgorliklar — tarixiy, ilmiy, badiiy yoki oʻzgacha madaniy qimmatga ega boʻlgan ayrim imoratlar, binolar va inshootlar, ular bilan bogʻliq boʻlgan rassomlik, haykaltaroshlik, amaliy bezak sanʼati asarlari hamda shu imoratlar, binolar va inshootlarning tarixan tarkib topgan hududlari, shuningdek memorial uylar, kvartiralar, qabristonlar, maqbaralar va ayrim qabrlar, monumental sanʼat asarlari, fan va texnika (shu jumladan harbiy texnika) obyektlari, antropologiya, etnografiya, numizmatika, epigrafika, kartografiya, fotografiya materiallari, kinofilmlar, audio-, video yozuvlar hamda boshqa jismlardagi yozuvlar, adabiyot va sanʼat asarlari, arxiv, qoʻlyozma va chizma hujjatlar, qadimgi qoʻlyozma kitoblar, harf terish usulida chiqarilgan dastlabki kitoblar, nodir va noyob nashrlar, notalar, muqaddas buyumlar va memorial xususiyatga ega boʻlgan ashyolar, tosh haykallar, qoyaga oʻyib solingan tasvirlar, arxeologiya yodgorliklari;
madaniy meros obyektlari — moddiy va nomoddiy madaniy meros obyektlari;
