25-modda. Moddiy madaniy meros obyektidan foydalanish huquqlarining cheklanishi
Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish toʻgʻrisida (269-II-son) · Sana: 30.08.2001 · Amalda
Moddiy madaniy meros obyektidan foydalanish shartlari Oʻzbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligi tomonidan mazkur moddiy madaniy meros obyektining, uning tevarak atrofidagi tabiiy muhitning muhofaza qilinishi, asralishi, targʻib qilinishi va undan foydalanilishi uchun, jismoniy va yuridik shaxslar, shuningdek davlatning huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishi uchun qay darajada zarur boʻlsa, shu darajada cheklanishi mumkin.
Xususiy mulkda turgan moddiy madaniy meros obyektidan foydalanish huquqi qonunda nazarda tutilgan hollarda sud qarori bilan cheklanishi mumkin.
Moddiy madaniy meros obyektidan foydalanishda cheklashni joriy etish zaruriyatini yuzaga keltirgan holatlar yoki shart-sharoitlar bartaraf etilgan taqdirda mazkur obyektdan foydalanish huquqi toʻla hajmda tiklanadi.
