12-modda. Madaniy meros obyektini Moddiy madaniy meros obyektlarining davlat kadastriga yoki Nomoddiy madaniy meros obyektlarining roʻyxatiga kiritish
Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish toʻgʻrisida (269-II-son) · Sana: 30.08.2001 · Amalda
Tarixiy-madaniy qimmatga ega boʻlgan obyektlarni Moddiy madaniy meros obyektlarining davlat kadastriga kiritish Oʻzbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligi tomonidan, ularni Nomoddiy madaniy meros obyektlarining roʻyxatiga kiritish esa Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tomonidan mahalliy davlat hokimiyati organlarining, shuningdek yuridik va jismoniy shaxslarning takliflari asosida amalga oshiriladi.
Tarixiy-madaniy qimmatga ega boʻlgan obyektlarni Moddiy madaniy meros obyektlarining davlat kadastriga yoki Nomoddiy madaniy meros obyektlarining roʻyxatiga kiritish maqsadga muvofiqligi toʻgʻrisida tarixiy-madaniy ekspertiza xulosasi olingan kundan eʼtiboran mazkur obyektlar aniqlangan madaniy meros obyektlari jumlasiga kiritiladi.
Arxeologiya yodgorliklari topilgan paytidan eʼtiboran aniqlangan moddiy madaniy meros obyektlari jumlasiga kiritiladi.
Tarixiy, ilmiy, badiiy yoki oʻzgacha madaniy qimmatga ega boʻlgan yangi aniqlangan moddiy madaniy meros obyektlari Moddiy madaniy meros obyektlarining davlat kadastriga kiritilishi toʻgʻrisidagi masala hal qilingungacha ushbu Qonun talablariga muvofiq muhofaza qilinishi kerak.
Oʻzbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligi aniqlangan moddiy madaniy meros obyektining mulkdorini mazkur obyekt Moddiy madaniy meros obyektlarining davlat kadastriga kiritilganligi toʻgʻrisida qaror qabul qilingan paytdan eʼtiboran oʻttiz kun ichida xabardor qilishi shart.
