9-modda. Chet ellik investorlarning huquqlari
Chet el investitsiyalari va chet ellik investorlar faoliyatining kafolatlari toʻgʻrisida (1052-XII-son) · Sana: 05.05.1994 · Amalda
Chet ellik investor amalga oshiriladigan investitsiyalarning hajmi, turi va yoʻnalishini mustaqil belgilaydi hamda investitsiyalarni amalga oshirish uchun yuridik va jismoniy shaxslarni oʻz xohishiga koʻra jalb etadi.
Chet ellik investor Oʻzbekiston Respublikasi hududida hamda uning tashqarisida investitsiya obyektlari va natijalariga, shu jumladan takroriy investitsiyalar hamda savdo operatsiyalari obyektlari va natijalariga xalqaro huquq normalari va Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq egalik qilish, ulardan foydalanish va ularni tasarruf etishga haqlidir.
Chet ellik investorning qaroriga binoan investitsiyalarga, ularning natijalariga egalik qilish, ulardan foydalanish, ularni tasarruf etish huquqlari Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarida belgilangan tartibda boshqa yuridik va jismoniy shaxslarga berilishi mumkin. Huquqlar oʻzgaga oʻtkazilgan taqdirda tomonlarning oʻzaro munosabatlari shartnomalar asosida tartibga solinadi.
Chet ellik investorlar va chet el investitsiyasi ishtirokidagi korxonalar qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda va shartlarda yer uchastkalarini sotib olishlari mumkin.
