Germaniyada “Oʻzbekiston” kichik koʻp tarmoqli korxonasining savdo markazini ochish toʻgʻrisida (256-son)
14.10.1991
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining
qarori
SSSR Ministrlar Sovetining “Sovet tashkilotlarining chet ellardagi xoʻjalik faoliyatini rivojlantirish toʻgʻrisida” 1989-yil 18-maydagi 412-son qaroriga va Oʻzbekiston SSR Ministrlar Sovetining “Oʻzbekiston SSRning xorijiy mamlakatlar bilan iqtisodiy aloqalarini yanada takomillashtirish va rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 1990-yil 15-yanvardagi 33-son qaroriga muvofiq, tashqi savdo manfaatlarini yanada rivojlantirish, marketing xizmatlarini takomillashtirish, oʻzbek taomlarini va Oʻzbekiston xalq ustalari asarlarini targʻib qilish, shuningdek respublika isteʼmol bozorini zarur tovarlar bilan toʻldirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Savdo vazirligining Gannover shahrida (Germaniya, Quyi Saksoniya yeri) Oʻzbekiston Respublikasi Savdo vazirligi, Toshkent shahar ijroiya qoʻmitasining Umumiy ovqatlanish bosh boshqarmasi va “Usto” ishlab chiqarish birlashmasi muassisligida tashkil etilgan “Oʻzbekiston” kichik koʻp tarmoqli korxonasining savdo markazini ochish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.
2. “Oʻzbekiston” koʻp tarmoqli kichik korxonasining mustaqil filiali boʻlgan savdo markazining savdo belgisi tasdiqlansin.
3. “Oʻzbekiston” kichik koʻp tarmoqli korxonasining savdo markaziga oʻz faoliyatini Germaniya qonunchiligiga muvofiq oʻzini oʻzi qoplash va oʻzini oʻzi mablagʻ bilan taʼminlash prinsiplari asosida faoliyat koʻrsatuvchi ijara korxonasi sifatida qurishga ruxsat etilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Savdo vazirligi, “Oʻzbekyengilsanoat” uyushmasi, Oʻzbekiston Respublikasi Mahalliy sanoat vazirligi, “Oʻzmevasabzavotuzumsanoat” va “Oʻzoziqovqatsanoat” konsernlari “Oʻzbekiston” kichik koʻp tarmoqli korxonasining savdo markazini muvaffaqiyatli rivojlantirish uchun uni zarur tovarlar, xomashyo materiallari va asbob-uskunalar bilan taʼminlashda koʻmaklashsinlar.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Respublika badiiy jamgʻarmasi Oʻzbekiston Respublikasi Savdo vazirligi bilan birgalikda 10 kun muddatda “Oʻzbekiston” kichik koʻp tarmoqli korxonasining savdo markazi orqali konvertatsiya qilinadigan valyutaga sotish uchun sanʼat ustalari va xalq hunarmandchiligi buyumlari roʻyxatini tayyorlasinlar.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, Moliya vazirligi va “Oʻztashqi iqtisodiy bank” “Oʻzbekiston” kichik koʻp tarmoqli korxonasiga xorijdagi tashkiliy tadbirlar davomida paydo boʻladigan masalalar boʻyicha uslubiy yordam koʻrsatsinlar.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Savdo vazirligi tushadigan valyuta hisobiga respublikani keng isteʼmol mollari bilan samarali taʼminlasin. Bunda eng zarur tovarlarni xarid qilishga alohida eʼtibor qaratish lozim.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Xalq isteʼmol tovarlari, savdo va xizmatlar kompleksi zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh. MIRSAIDOV
Toshkent sh.,
1991-yil 14-oktabr,
256-son
